Holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma`lumot berdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma`muriy sudining raisi E.P.ga nisbatan 2020 yil 4 iyun kuni xizmat tekshiruvi yakunlangan. Tekshiruv xulosasiga ko`ra, 2020 yil 25 may kuni soat taxminan 19:30 larda T.H. va E.P., jinoyat ishlari bo`yicha Olmaliq shahar sudining 2019 yil 8 apreldagi hukmiga ko`ra, Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari bilan ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan D.N.ning tug`ilgan kun tadbiri o`tkazilayotgan Angren shahrida joylashgan “Zamin” kafesidan kechki ovqatlanishga taom olib ketish uchun borishgan. Buyurtma berilgan ovqatni tayyor bo`lishini kutish jarayonida ularga notanish bo`lgan, keyinchalik bilishlaricha “Doston” ismli yigit oldilariga kelib, ular bilan so`rashib, tug`ilgan kuni ekanini aytgan. Ularni ham tug`ilgan kuni o`tkazayotgan xonaga taklif qilganda, ular tug`ilgan kun tadbiriga kirib o`tirishgan. Ular bu harakatlari bilan “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” qoidalari hamda karantin davrida majburiy qoidalar talablarini buzishgani aniqlangan.
Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 17 iyundagi xulosasiga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma`muriy sudining raisi E.P.ni ma`muriy javobgarlikka tortishga ruxsat berilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay`atining 2020 yil 17 iyuldagi qaroriga muvofiq, T.H. va E.P.ni MJtKning 54-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.
T.H. va E.P. MJtKning 54-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari – 669.000 so`m miqdorida jarima jazosi qo`llanilgan.
Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 7 iyuldagi qaroriga ko`ra, E.P. sudyalik vakolatining qolgan muddati davriga (quyi va boshqa hududdagi) jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyati Namangan shahar sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlanib, Angren shahar ma`muriy sudining raisi lavozimidan ozod qilingan.






