AsosiyJamiyat

Ortiqcha hujjat talab qilgan 10ga yaqin OTMga chora ko`rildi — Adliya vazirligi

'Ortiqcha hujjat talab qilgan 10ga yaqin OTMga chora ko`rildi — Adliya vazirligi'ning rasmi

Adliya vazirligining  darakchi.uz ma`lum qilishicha, ayrim oliy ta`lim muassasalari endi katta hayotga yo`l olayotgan abiturientlardan ortiqcha hujjat so`rash hamda zamon talablariga to`g`ri kelmaydigan qo`shimcha talablar o`rnatish orqali eskirgan usullarda ishlashda davom etishmoqda.

Jumladan, adliya organlari tomonidan Samarqand viloyati misolida so`rov orqali o`tkazilgan o`rganish natijalariga asosan fuqarolardan talab qilish taqiqlangan hujjatlar olinganligi, qonun hujjatlari bilan belgilangan talablariga zid ravishda rasmiy hujjatlarning nusxalari talab qilinganligi va boshqa byurokratik g`ovlar mavjudligi aniqlandi.

Misol uchun, Samarqand davlat chet tillar universtiteti abiturientlardan fuqarolik pasportidan nusxa, soliq to`lovchining hisobga qo`yilganligi to`g`risida guvohnoma, jismoniy shaxslardan jamg`arib boriladigan pensiya tizimiga qo`yilganligi to`g`risida ma`lumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etishni asossiz ravishda talab qilgan.

Oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasi abiturient haqidagi zarur ma`lumotlarni Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritib abiturientga asl hujjatlarni qaytarishi nazarda tutilgan.

Shunga asosan, Adliya vazirligi tomonidan oliy ta`lim muassasalari tomonidan ortiqcha byurokratik g`ov va to`siqlarga barham berish bo`yicha Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga tegishli taqdimnoma kiritgan.

Uning natijasiga ko`ra 10 nafarga yaqin oliy ta`lim muassasalarining rahbar xodimlariga turli intizomiy jazo choralari ko`rilgan.

Shuningdek, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan mazkur qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olingan.

Aytilishicha, ortiqcha byurokratik to`siqlarni bartaraf etish yuzasidan adliya organlari tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Fuqarolar tomonidan byurokratik g`ov va to`siqlarning har qanday ko`rinishiga duch kelgan taqdirda yoki bu boradagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar mavjud bo`lganda adliya organlariga murojaat qilishi lozimligi so`ralyapti.

    Boshqa yangiliklar