S gepatiti jigar sirroziga olib keladimi?

Salomatlik 21.01.2016, 14:02
S gepatiti jigar sirroziga olib keladimi?

“Qon tahlili topshirganimda menda S gepatiti aniqlandi. Hozir davolanayapman. Eshitishimcha, S gepatiti bora-bora jigar  sirroziga aylanishi mumkin ekan. Haqiqatan ham shundaymi?”

Hanifa Yorboboeva. Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani

Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor, infeksionist-gepatolog Nigora Sabirova ma`lumot beradi.

S gepatitiga tibbiyotda “muloyim qotil” deya ta`rif beriladi. Boisi, uning virusi qon orqali yuqqach, bir necha yillar davomida organizmni ishg`ol qila boradi va deyarli hech bir bezovtalik sezilmaydi. Darmonsizlik, lohaslik muntazam davom etsa-da, bu S gepatiti bilan bog`liq ekanligi kishining xayoliga kelmasligi ham mumkin.

Qanday yuqadi?

S gepatiti perenteral mexanizmli virus turiga kiradi. Bu turdagi gepatit faqat kasallangan bemor qoni orqali yuqishi mumkin. S gepatiti virusi pirsing, tatuirovka asboblarining dezinfeksiya qilinmaganligi bois, sanitariya talablariga rioya qilinmaydigan tibbiyot markazlari, dezinfeksiya to`liq bajarilmaydigan stomatologik xonalar, sanitariya me`yorlariga mos kelmaydigan manikyur-pedikyur xizmatlari, ustara hamda bemor foydalangan tish cho`tkalari orqali yuqishi mumkin, deb taxmin qilinadi.

Nega vaksina yo`q?

Yuqorida aytilganidek, virus yaqqol alomatlarsiz kechgani bois, o`z vaqtida aniqlash mushkul. Shuning uchun ham surunkali tusga o`tib ketish ehtimoli yuqori. Virusning o`zgaruvchan xususiyati tufayli unga qarshi vaksina ishlab chiqish ayni dam muammo sanaladi. Biroq o`z vaqtida aniqlangan kasallikni zamonaviy preparatlar yordamida rivojlanishdan to`xtatish va asoratlarining oldini olish mumkin.

Tasodifan ma`lum bo`lsa...

Odatda  virus yuqqanidan so`ng belgilari yuzaga chiqquniga qadar 2-26 haftagacha vaqt o`tishi mumkin. Ba`zan kasallik alomatlari sezilmagani bois, bemor virus tashuvchi ekanligini bilmaydi, hatto xayoliga ham keltirmaydi. Tasodifan boshqa kasalliklarga qon tahlili topshirganidagina virus holati ma`lum bo`lishi mumkin. S gepatiti o`tkir va surunkali turlarga ajratiladi. O`tkir turida bemor 2-3 hafta mobaynida bo`g`imlarda og`riq, umumiy holsizlik, mehnat layoqatining sustlashishi, hazm tizimining buzilishi kabi belgilarni  sezishi mumkin. Kamdan-kam hollarda tana harorati ko`tariladi. Surunkali turida esa bemor asosan ruhiy depressiya, stress va tez charchash kabi bezovtaliklardan shikoyat qiladi.

Marhamat, tahlil javobingiz...

S gepatiti virusiga tahlil topshirishdan avval mutaxassis ko`rigidan o`tiladi. Umumiy bezovtaliklar, bemor shikoyatlari o`rganilgach, qonning umumiy, biokimyoviy va virusologik tahlil namunalari uchun yo`llanma beriladi. Bu ishda sizga shifokor infeksionist-gepatologlar ko`mak berishadi.

Har bir bemorning umumiy holati, kasallik ko`rinishi, darajasidan kelib chiqib to`g`ri olib borilgan muolaja kasallikdan sog`ayish ehtimolini oshiradi. Davolash vaqti S gepatitiga qarshi muolaja qilinib, qonda virus ko`payishi to`xtatiladi. Shu tariqa jigar sirroziga o`tish davri ham bartaraf etiladi. Bu o`ziga xos sirroz profilaktikasidir. Har bir organizm o`ziga hos bo`lgani bois, muolaja 12 haftadan 48 haftagacha davom etishi mumkin. Qonda virus aniqlanganidan e`tiboran bemor shifokor ro`yxatiga olinadi va muolajadan keyin ham har 6 oy-1 yilda tibbiy ko`rikdan o`tib turishi maqsadga muvofiqdir. Kasallik kutilmaganda avj olmasligi va qolaversa, jigarda o`zgarishlar bor-yo`qligidan boxabar bo`lish uchun shifokor nazorati foydadan holi bo`lmaydi.

Qay hollarda yuqmaydi?

Havo orqali, bemor bilan so`zlashganda, aksa urganda, qo`l bilan ko`rishganda, umumiy idish-tovoqlardan foydalanganda yuqmaydi. Zero, virus faqat qon orqali o`tishi mumkin. Agar oilangizda S gepatiti bilan kasallangan bemorlar bo`lsa, uning shaxsiy gigiena narsa-buyumlari alohida tutilishiga diqqat qiling. Bemorning tana a`zosi tirnalib ketsa, qon ketmasligi uchun tibbiy bog`lamlar bilan zararsizlantiring. Erga oqqan qon tomchisi bo`lsa,  suv bilan artib oling. Kiyimga tekkan qon tomchisini esa xlor solingan suvda 30 daqiqa ushlab, so`ng chayib olsangiz bo`ladi.

Sirrozga aylanadimi?

Jigar sirrozi jigar hujayralarining surunkali zararlanishi va asta-sekin qurib borishi bilan namoyon bo`ladigan xastalik. Ko`pincha S gepatitiga chalingan bemorlar jigar sirrozi kelib chiqishidan xavfsirashadi. To`g`ri, ularni ham tushunish mumkin. Biroq S gepatiti bor degani, albatta sirroz bo`lasiz degani emas! Qachonki, qonda virus borligi kech aniqlansa, nojo`ya omillar, spirtli ichimliklarga ruju qo`yish, tartibsiz va nosog`lom hayot tarzi jigar sirroziga olib kelishi mumkin.

S gepatiti er yoki xotinda bo`lsa, bir-biriga yuqish ehtimoli qay darajada? Mazkur savolga javoban mutaxassislar quyidagi fikrni bildirishdi: agar er yoki xotin jinsiy a`zolarida shamollash bo`lsa, qonda TORCh infeksiya kuzatilsa, sog`lom turmush tarziga rioya qilinmasa, tartibsiz jinsiy hayot olib borilsa, bir-biriga yuqtirish ehtimoli ortadi. Bordi-yu kasallangan er (yoki xotin) davolovchi shifokor ko`rsatmalariga amal qilib, jinsiy hayot tarzini ham sog`lom qoidalarga rioya qilgan holda olib borsalar, xavf omilini oldini olish mumkin.

Ma`lumotlarga ko`ra, S gepatiti ayollarga nisbatan erkaklarda ko`proq uchraydi.

S gepatiti bilan kasallangan ayol farazandli bo`lsa, bolani ko`krak suti bilan emizishi mumkin. Bunda kasallik ko`krak suti orqali yuqmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1