Xalqaro press-klubda «Konstitusiya va qonunchilikda so`z hamda matbuot erkinligi. O`zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari» mavzusidagi davra suhbati bo`lib o`tmoqda.
Unda Sodiq Safoev, Abdulaziz Komilov, Akmal Saidov, Ruslan Davletov, Asadjon Xodjaev, shuningdek, BMT va EXHT vakillari, diplomatik korpus vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etishmoqda.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev O`zbekiston so`z erkinligi xususida so`z yuritdi.
— Biz birinchi navbatda shuni tan olamiz, ommaviy axborot vositalarining o`rni oxirgi to`rt yilda keskin ravishda o`zgardi. Mana, masalan, bizning Senatni olaylik. Ilgari hammamiz bilardik, Senat majlislariga kirish naqadar mashaqqat edi. Hozir Senat majlislari nafaqat onlayn, balki interaktiv tarzda o`tmoqda va bevosita majlis davomida ko`tarilgan savollarni shu joyda hal etishga intilish bor. Bu Senat faoliyatiga yangi joziba berdi.
Shak-shubhasiz, OAV — xalq ovozi, to`rtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda. Hali ko`p cho`qqilarga etganimiz yo`q, lekin birinchi siljishlarni inkor qilish mumkin emas.
Biz bugun Renessans, inson manfaatlari haqida gapirayotgan bo`lsak, bunga demokratiyasiz, so`z va matbuot erkinligisiz erishib bo`lmaydi.
So`z va matbuot erkinligi demokratiyaning qon aylanish tizimidir. Bu soha zamonamiz talabidir. O`zbekistonda bu jarayon ortga qaytmas ko`rinish olmoqda.






