O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 dekabrda “Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to`g`risida”gi 762-son qarori qabul qilindi.
AKT, dasturiy ta`minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish bo`yicha oliy ma`lumotli raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda boshqalar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilandi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahridagi Yaponiya raqamli universiteti nodavlat oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetda o`qitish Yaponiyaning Otemae universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa nufuzli OTM hamda O`zR davlat ta`lim standartlari talablari inobatga olingan holda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan o`quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq YaPON va O`ZBEK tillarida to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetda bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kunduzgi va masofaviy ta`lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi.
2020/2021 o`quv yili hamda keyingi o`quv yillarida universitetga qabul qilish parametrlari Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
“Muhandis-dasturchi” bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha universitetga talabalarni qabul qilish 2020/2021 o`quv yilidan, “Kompyuter grafikasi va dizayn” bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha – keyingi o`quv yilidan boshlab amalga oshiriladi.
Har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o`zlashtirish ko`rsatkichlari yuqori bo`lgan farzandlari tanlov asosida bepul (universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo`lmagan abiturientlar o`qishga qabul qilinadi.
Bitiruvchilarga oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Yaponiya universitetlari hamda O`zbekiston Respublikasining belgilangan namunadagi diplomlari beriladi.
Universitet O`zbekiston davlat jahon tillari universitetining Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Kichik xalqa yo`li ko`chasi 21-a uy manzilidagi 3-o`quv binosining birinchi qavatiga joylashtiriladi.






