Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berishicha, yana uchta tibbiyot muassasasi odatiy ish faoliyatiga qaytdi.
Mamlakatimizda koronavirus xavfining nisbatan kamaygani, kasallikka chalingan bemorlar soni sezilardi darajada qisqargani sabab infeksiyani davolash bilan shug`ullanayotgan bir necha shifoxonalar odatiy ish rejimiga qaytib, boshqa turdagi bemorlarni qabul qila boshlayotgani haqida xabar berib bormoqdamiz.
Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`iga asosan, yana uchta shifoxona: Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, Toshkent shahar perinatal markazi va Toshkent shahar 3-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarini o`z yo`nalishi bo`yicha dastlabki tartibda faoliyatini davom ettirishi belgilab berildi.
Ushbu shifoxonalar joriy yilning 2 dekabridan boshlab koronavirus chalingan bemorlarni qabul qilishni to`xtatadi, kasalxonalardagi davolanish davom ettirilishi talab etiladigan bemorlar tegishliligi bo`yicha 1- va 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko`chiriladi.
Bemorlar chiqarilgandan so`ng muassasi o`rnatilgan tartibda zararsizlantiriladi va epidemiyaga qarshi choralar ko`rilib, mavjud tibbiy jihozlar konservasiya qilinadi. Infeksiyani davolashda qo`llanilayotgan dori vositalari zahira sifatida saqlanadi.






