O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasi xorijiy mamlakatlarda ham o`z aks-sadosini bermoqda.
“Jahon” AA bergan ma`lumotlarga ko`ra, Respublikamiz bilan yaxshi tanish bo`lgan Toshkent-Parij elektron jurnali bosh muharriri, “d’Izarn Com” media kompaniyasi hamda raqamli matbuot nashriyotining prezidenti Silvi d'izarn O`zbekiston iqtisodiyotini moderinizasiya qilish va fuqarolar turmush sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar haqidagi o`z fikr-mulohazalarini bildirdi:
- Respublika Prezidenti ma`ruzasida o`z ifodasini topgan ko`rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotining barqaror va izchil o`sib borayotganini bildirgani barobarida xalq farovonligi yuksalayotganidan ham dalolat beradi. O`zbekiston asosiy maqsad sari, ya`ni fuqarolarining munosib turmush darajasi va sifatini ta`minlab bera oladigan, ijtimoiy yo`naltirilgan kuchli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo`shilish sari olg`a intilmoqda.
2015 yilda erishilgan makroiqtisodiy ko`rsatkichlar alohida e`tirofga sazovordir. YaIM va sanoat sohalari 8 foizga, qishloq xo`jaligi 7 foizga o`sgani jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozini engib o`tish borasida tanlangan strategiyaning to`g`ri ekanligini tasdiqlaydi.
O`zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishgan yutuqlar xalqaro institutlar, jumladan, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari tashkiloti tomonidan yuqori baholanishi diqqatga sazovordir.
Jahon banki tomonidan O`zbekiston so`nggi yillar mobaynida tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo`yicha eng yaxshi natijalarga erishgan dunyo davlatlari orasida kuchli o`ntalikka kiritilishi ham quvonarli holdir.
Shu munosabat bilan, o`z oldiga qo`ygan maqsadlariga erishish yo`lida O`zbekistonga omad va zafarlar tilayman”, - deydi fransuz.





