O`zbekistonda ilk bor antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil etish bo`yicha loyiha ishga tushirilmoqda.
Ushbu tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat tashkiloti ko`magida amalga oshirilmoqda.
Matbuot xizmatining ta`kidlashicha, loyiha sakkiz bosqichda olib boriladigan yirik antikorrupsion tadqiqotlarni o`z ichiga oladi.
Yakuniy maqsad — ta`limning barcha bosqichlarida, ya`ni maktabgacha ta`limdan oliy ta`limgacha imkon qadar ko`proq korrupsiya holatlarining to`liq manzarasini hosil qilish.
Ma`lumot uchun: BMT ma`lumotiga ko`ra, korrupsiya jahon iqtisodiyotiga global YaIMning 5 foizida zarar keltiradi, har yili dunyo bo`yicha pora miqdori 1 trln dollarni tashkil etadi. Evropa hamda Markaziy Osiyoda har uchinchi fuqaro korrupsiya ularning jamiyatlari oldida turgan jiddiy muammo deb hisoblaydi. O`zbekistonda korrupsiya nafaqat uncha yuqori bo`lmagan ta`lim sifatini pasaytiradi, balki OTMlarning xalqaro reytinglardagi o`rniga ham salbiy ta`sir qiladi.
Ta`lim aksariyat fuqarolar hayoti davomida u yoki bu holatda tutashadigan sohalardan biridir. Ota-onalar bolalarini eng yaxshi maktabda sifatli ta`lim olishlarini ta`minlashga intiladi, biroq yaxshi maktablar hamma xohlovchilarga ham etmaydi. Ta`lim tizimi — ijtimoiy tarmoqlarda ko`p muhokama qilinadigan va nozik mavzulardan biri. Aynan shuning uchun antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil qilish loyihasining tayanch nuqtasi sifatida ushbu soha tanlab olindi.
Jumladan, tadqiqotning birinchi bosqichida ta`lim tizimining zaif tomonlarini, xususan, bolalarning maktabga qadam qo`yish bosqichida ehtimoliy va mavjud korrupsion xatarlarni aniqlashga chaqiriladi. Nega bir maktabda joy to`lmagan, boshqalarida esa o`quvchilar bir necha smenada o`qiydi? Odamlarni korrupsiya harakatlarini sodir etishga nima undaydi? Korrupsiya zanjiri qaerda boshlanadi-yu qaerda tugaydi? Vaziyatni o`zgartirish uchun nima qilish kerak? Ushbu savollarga javob topish uchun laboratoriya ekspertlari xalqaro tajribani hisobga olgan, turli vositalardan foydalangan holda, respublikadagi maktablardan to`plangan ma`lumotlarni keng jamoatchilik, ko`ngillilar ishtirokida tahlil qiladi.
Korrupsiya xatarlari o`tkaziladigan so`rov natijalari, statistik ma`lumotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va moliyaviy nazorat organlari, shuningdek, mobil dasturlar orqali yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari asosida baholanadi. Ma`lumotlarni to`plash va korrupsiya xatarlari tahlili doimiy ravishda o`tkaziladi, tegishli choralar esa har uch oyda ishlab chiqiladi.
Jamlangan ma`lumotlar natijalari asosida ushbu tajribani ta`limning boshqa yo`nalishlarida qo`llash rejalashtirilgan. Bunda o`qituvchilarni ishga qabul qilishda, dars soatlari, sinf rahbarligini taqsimlashda, maktab va sinf fondiga pul yig`ishda, umumiy ta`lim sohasida davlat xaridlari, abiturientlarni oliy ta`lim muassasalariga qabul qilishda, o`qituvchi va talaba o`rtasida poraxo`rlik kabi dolzarb muammolar inobatga olinadi.
To`plangan, tahlil qilingan va umumlashtirilgan ma`lumotlar korrupsiya xatarlari bo`yicha keng qamrovli hisobot ko`rinishida ta`lim tizimida shaffoflikni ta`minlash va mutanosib tavsiyalar bilan taqdim etiladi. Shuningdek, bu kabi laboratoriyalar sog`liqni saqlash va qurilish kabi boshqa sohalardagi muammolarga echim topish uchun ham tashkil etilishi kutilmoqda.
«Yuksalish» umummilliy harakati keng jamoatchilik hamda OAVlarni korrupsiya holatlarini aniqlashda, tadqiqot natijalari bo`yicha qabul qilingan qarorlarni monitoring qilishda, volontyorlarni so`rovlar o`tkazishda faol ishtirok etishga chaqiradi.






