“Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik liseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori e`lon qilindi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni akademik liseylarga saralab olish, chuqurlashtirilgan ta`lim dasturlari asosida o`qitishga alohida e`tibor qaratiladi.
Akademik lisey o`quvchilarining kamida bitta xorijiy tilni puxta o`zlashtirib chiqishi uchun dars mashg`ulotlariga yuqori malakali pedagoglar jalb qilinadi zaruriy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, akademik lsieylarda umumta`lim fanlar soati hisobiga chuqurlashtirilgan fanlar soati oshiriladi hamda ularningn ulushi kamida 50 foizga etkaziladi.
Ta`lim bosqichlari uzluksizligini ta`minlash maqsadida OTMlarning turdosh ta`lim yo`nalishlarida takroran o`qitiladigan fanlarn akademik liseylar o`quv dasturidagi tegishli fanlar bilan unifikasiya qilinadi.
Akademik liseylarda o`qish davrida unifikasiya qilingan fanlarni o`zlashtirgan, oliy ta`lim muassasalarida talabalikka qabul qilingan ta`lim oluvchilar uchun ushbu fanlarni o`zlashtirish ixtiyoriy hisoblanadi.
2021/2022 o`quv yilidan boshlab, akademik liseylarga hujjat topshiruvchilarni ro`yxatdan o`tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
Kelgusi o`quv yilidan boshlab akademik liseylarga iqtidorli yoshlarni saralab olishda Davlat test markazi tomonidan tanlangan yo`nalishga mos 2 ta fan bo`yicha hamda intellektual qobiliyat darajasi (IQ)ni aniqlab beruvchi test sinovlari o`tkaziladi.






