Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, “Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–4911-son, 03.12.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg`ona filiali negizida Farg`ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tashkil etiladi.
Farg`ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi yangi institutning klinik bazasi etib belgilanadi.
Institutda etakchi xorijiy tibbiyot oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda, zamonaviy ta`lim dasturlari asosida tor sohadagi mutaxassisliklar bo`yicha shifokorlar tayyorlanadi.
Institutga qabul har yili belgilanadigan davlat buyurtmasi parametrlari doirasida va qo`shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi;
Uch oy muddatda institutga yuqori salohiyatga, fan nomzodi, fan doktori ilmiy darajasiga ega bo`lgan professor-o`qituvchilar jalb etiladi.
Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etiladigan malakali professor-o`qituvchilar xizmat uylari bilan ta`minlanadi.






