Davlat rahbari Shavkat Mirziyoev Toshkent metallurgiya zavodidagi texnologik jarayon bilan tanishdi.
Ma`lumot uchun: Ushbu korxona texnik va texnologik jihatdan xalqaro miqyosdagi yirik majmualar qatoriga kiradi. Bu erda Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi 27 ta mamlakatdan asbob-uskunalar keltirib o`rnatilgan. Ishlab chiqarish, nazorat qilish va boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan.
Eng muhimi, zavodda “yashil” texnologiyalar qo`llangan. Chiqindilarni qisqartirib, qat`iy ekologik me`yorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.
Majmua mutasaddilari ishlab chiqaruvchilar bilan yo`lga qo`yiladigan kooperasiya aloqalari haqida ma`lumot berdi. Zavod mahsulotlariga hozirning o`zidayoq o`nlab korxonalardan buyurtmalar tushayotgani aytildi.

- Metall muammo bo`lgani uchun sanoatda zanjir yo`q edi. Bu zavod ishga tushishi bilan talab yuqori bo`lgan metallurgiya mahsulotini ishlab chiqarish zanjiri shakllanadi. Hududlarda yana yuzlab korxonalarning barpo etilishi uchun juda katta zamin bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari zavodning shourumida ham bo`lib, bu erda ishlab chiqariladigan mahsulotlar namunalarini ko`zdan kechirdi.
Esdalik uchun daraxt ko`chati ekildi.




































