Joriy yilning 4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda “2021 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalariga maxsus tovushli ishoralar beruvchi moslama «SIRENA» yoki yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha «MIGALKA» o`rnatish uchun bir yiliga BXMning 50 foizi (1 431 660 so`m) miqdorida pul to`lab ruxsatnoma berilishi belgilandi”, degan asoslanmagan yolg`on xabar tarqaldi. Bu haqda IIV YHXBB xabar berdi.
«O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan »Yo`l harakati qoidalari"ning 3-ilovasi (Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.21-bandiga ko`ra, transport vositalari o`zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo`lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo`lsa bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 noyabrdagi «Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o`zgartirish bilan bog`liq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 758-son qarorida transport vositalariga to`lov asosida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar o`rnatish uchun ruxsatnoma berilishi bo`yicha ma`lumotlar mavjud emas.
O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismiga ko`ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o`rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko`rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to`sqinlik qiladigan turli ashyolar o`rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolg`on ma`lumotlarni o`z sahifalarida e`lon qilmasliklarini so`rab, yolg`on ma`lumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz", deyiladi xabarda.






