Hozirda "COVID-19"ga qarshi Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasining vaksinasi va Rossiya Federasiyaning “Sputnik-V” vaksinasining 3-bosqich klinik tadqiqotlari yurtimizda ham o`tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, vaksinalarning xavfsizlik ko`rsatkichlarini baholash, ularning infeksiyani oldini olishdagi samaradorligini aniqlash asosiy vazifa qilib belgilangan. Shuningdek, “Sinopharm group” kompaniyasi bilan ham ushbu yo`nalishda ish olib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Rossiya Federasiyasida ishlab chiqarilgan vaksinani respublikaga olib kelish va aholiga etkazish vakolati yagona xususiy shirkatga berilgani haqida bildirilgan fikr-mulohazalar haqiqatga zid. Chunki "COVID-19" infeksiyasiga qarshi vaksina xarid qilish va undan foydalanish masalalari butun jahonda bo`lgani kabi mamlakatimizda ham klinik tadqiqotlarning 3-bosqichi natijalariga ko`ra belgilanadi.
Biror mamlakatning vaksinasi ijobiy ko`rsatkichlar qayd etgani ilmiy isbotlansagina, uni xarid qilish, sotib olingan vaksinani saqlash va tashish bilan bog`liq masalalar tegishli mezonlar asosida ko`rib chiqiladi.






