AsosiyJamiyat

Paxta mavsumida majburiy mehnatga yo`l qo`yganligi uchun beshta tuman hokimiga hayfsan e`lon qilindi

'Paxta mavsumida majburiy mehnatga yo`l qo`yganligi uchun beshta tuman hokimiga hayfsan e`lon qilindi'ning rasmi

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash milliy komissiyasining navbatdagi yig`ilishi 4 dekabr, juma kuni bo`lib o`tdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati. 

Yig`ilishda 2020 yilgi paxta mavsumida kuzatilgan majburiy mehnat holatlari bo`yicha axborot berilgan. 

Paxta mavsumi bilan bog`liq eng ko`p majburiy mehnat holati Namangan viloyatida aniqlangan. Respublika bo`yicha qayd etilgan holatlarning 42,2 foizi ushbu hudud hisobiga to`g`ri keladi. Bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay, paxta masalalariga tuman hokimlari aralashuvi ham viloyatda qayd etilgan, deb yozmoqda kun.uz. 

Shuningdek, mavsum davomida majburiy mehnatga jalb qilish boshqa hududlarda ham, xususan, Jizzax viloyatida 7 ta, Toshkent viloyatida 6 ta, Surxondaryo viloyatida 5 ta, Xorazm viloyatida 3 ta, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Farg`ona viloyatlarida bittadan kuzatilgan. Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasini bajarmaganligi, 17 ta holatda ish haqining o`z vaqtida to`lanmaganligi aniqlangan.

«Majburiy mehnatga sharoit yaratib berilganligi uchun 5 ta tuman hokimiga chora ko`rish bo`yicha kiritilgan takliflarimiz qo`llab-quvvatlanib, Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan Chortoq (A.Otaxo`jaev), Uchqo`rg`on (A.Vahobov), Ohangaron (A.Abdullaev), O`rta Chirchiq (O.Nurmatov), Urganch (F.Sharipov) tuman hokimlariga hayfsan berildi va ushbu holat yana takrorlanadigan bo`lsa, egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo`yicha ogohlantirildi», — deydi yig`ilishni olib borgan komissiya raisi Tanzila Norboeva.

Yig`ilishda 2020 yil davomida mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 652 million so`mdan ziyod miqdorda ma`muriy jarima tayinlangani, majburiy mehnatga yo`l qo`yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgani aytib o`tildi.

Komissiya yig`ilishi xulosasiga asosan, 2021 yildan boshlab nafaqat paxtachilik, balki boshqa sohalarda ham yo`l qo`yilayotgan majburiy mehnat holatlari monitoringini yuritish bo`yicha ko`rsatma berilgan.

    Boshqa yangiliklar