O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 28 yilligi bayrami arafasida mamlakatimizda birinchi marta Asosiy qonunimiz Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz matbuot xizmati xabar qildi.
"Yangi nashr ikki muhim sana, ya`ni 8 dekabr – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun va 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuniga munosib sovg`a bo`ldi!" - deyiladi xabarda.
Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi. Bu ezgu ishda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi.
Brayl alifbosida chop etilgan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi” rasmiy nashri yurtimizdagi nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.