1966 yildagi zilzila bahorda takrorlanishi mumkinmi?
Barcha messenjerlarda tarqalgan shu kabi mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida Qalampir.uz nashri A. G. Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutining “Regional seysmiklik va seysmikrayonlashtirish laboratoriyasi” mudiri, professor Turdiali Ortiqovga murojaat qildi.
— Toshkentda, 1860 va 1880 yilda 6,4 va 6,7 magnitudali zilzilalar sodir bo`lgan. O`shanda Toshkent zilzilasidan bir necha barobar kuchliroq silkinishlar kuzatilgan. Undan keyin esa 1936 yilda kuchli zilzila, 1966 yilda Toshkent zilzilasi, 1980 yilda Nazarbek zilzilasi bo`ldi. 2008 yilning avgust oyida eski shahar maydoni yaqinida 6-7 ballik zilzila bo`lib o`tdi. Bu kabi zilzilalar bizning hududimizni tektonik hayoti, ya`ni er qobig`ining harakatidan hosil bo`ladi. Takrorlanishi haqidagi gap-so`zlar esa ma`lum qisqa statistika asosida aytilgan ma`lumotlar, xolos. Ming afsuski, ularni aniq bilish imkoniyati cheklangan. Yana bir jihati shundaki, bizning hududdagi zilzilalarning eng kuchlisi necha ballga teng bo`ladi degan savolga allaqachon javob topilgan. O`zbekiston Respublikasi hududida eng kuchli zilzila 9 ballga teng bo`lishi mumkin. Shuning uchun qurilish jarayonlarida seysmik xaritaga alohida e`tibor qaratiladi.





