Adliya vazirligining ma`lumot berishicha, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qat`i nazar ish haqining 100 foizi miqdorida quyidagilarga to`lanadi:
- ishlayotgan 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilariga;
- baynalminal jangchilarga va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga;
- qaramog`ida 16 yoshga (o`quvchilar 18 yoshga) etmagan uch yoki undan ortiq bolalari bo`lgan xodimlarga;
- Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;
- Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuasiya qilingan va ko`chirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (o`tkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli o`smalar bilan bog`liq kasalliklarga chalingan xodimlarga;
- mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo`lgan xodimlarga.
Shuningdek, Prezidentning tegishli Farmoniga asosan, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o`rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo`lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o`rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to`lanadi.






