AsosiyJamiyat

Rossiyaga eksport bo`lgan quritilgan o`rik mahsuloti uchun O`zbekistonga taqiq qo`yilmaydi. Agar...

'Rossiyaga eksport bo`lgan quritilgan o`rik mahsuloti uchun O`zbekistonga taqiq qo`yilmaydi. Agar...'ning rasmi

Rosselxoznadzor rasmiy veb saytida O`zbekistondan Rossiya Federasiyasiga eksportga jo`natilgan quritilgan o`rik mahsulotida “Kapr qo`ng`izi” aniqlangani haqida maqola chop etildi. Qayd etilishicha, Farg`ona viloyatining Toshloq tumanidan yuklangan 1tonna quritilgan o`rik mahsulotida karantin ob`ekti hisoblangan  2 ta “kapr qo`ng`izi” lichinkasi topilgan.

Mazkur holat yuzasidan O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyati Rosselxoznadzor karantin xizmati rahbariyati bilan tezkor ravishda onlayn muzokaralar olib borgan. Bu haqda “O`zdavkarantin” inspeksiyasi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari ishtirokida tekshirilib, qo`rsatilgan mazkur karantin ob`ekti aynan “Kapr qo`ng`izi” emas, balki O`rta Osiyo va Rossiya Federasiyasida tarqalgan “Trogoderma” oilasiga mansub boshqa qo`ng`iz ekanligi taxmin qilinmoqda.

Onlayn muzokaralar davomida Rossiya tomonidan quritilgan o`rik mahsuloti uchun taqiq qo`yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko`rilishi haqida ahdlashuvga erishildi.

Tezkor olingan ma`lumotga ko`ra, ushbu tadbirkor Rossiyadan quritilgan o`rik mahsulotining eski hosilini yuklash bo`yicha buyurtma olgan. Eksport sig`imini to`ldirish maqsadida hududdagi dehqon bozorlaridan eski hosillarning qoldiqlarini turli joylardan to`plab, maxsulot yig`gan.

“O`zdavkarantin” inspeksiyasi mazkur holatdan so`ng shuni e`lon qiladiki, O`zbekiston Respublikasidan xorijga yuklanadigan barcha turdagi quritilgan mahsulotlar to`liq fumigasiya qilinishi, mahsulot fitosanitar tozaligini qat`iy nazoratdan o`tkazib, fitosanitar sertifikati rasmiylashtirilib berilgandagina eksportga chiqariladi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Respublikaning barcha hududlarida omborxonalar va binolarda, shu jumladan quritilgan mahsulotlar saqlanadigan korxona sig`imlarida qayta tekshiruv tadbirlari amalga oshirilib, zararsizlantirish fitosanitar choralari olib borilmoqda. 

Fermer hamda dehqonlar, mahsulot  etishtiriluvchi dala, bog`, issiqxona, qadoqlash sexlarida hosilga zarar etkazuvchi kasallik alomatlarini ko`rganida, “O`zdavkarantin” inspeksiyasining ishonch raqamiga murojaat etishingiz so`ralmoqda: Tel:  +998 71 202 10 00                 

 

    Boshqa yangiliklar