AsosiyJamiyat

Ispaniyada O`zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

Mamlakatimiz turizm salohiyati Ispaniya poytaxti Madrid shahrida ochilgan “FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko`rgazmasida namoyish etilmoqda. 
Sayyohlik olamining eng yirik va nufuzli xalqaro anjumanlaridan biri bo`lgan mazkur ko`rgazmada qariyb 170 mamlakatdan o`n mingga yaqin sayyohlik kompaniya va agentliklari, yuzlab soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda. Har yili ushbu ko`rgazma bilan tanishish uchun 120 mingdan ziyod odam tashrif buyuradi. 
O`zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2015 yilgi yarmarkada mamlakatimiz milliy stendi “Eng yaxshi stend” maqomiga sazovor bo`lgan edi. 
Bu safar ham ona Vatanimizning fusunkor tabiati, betakror tarixiy obidalari aks ettirilgan, yorqin va rang-barang milliy matolarimiz bilan bezatilgan O`zbekiston milliy stendi o`ziga xosligi bilan ko`rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otmoqda. Mutaxassislar stendning yuksak did bilan tayyorlanganini alohida ta`kidlamoqda. 
“FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko`rgazmasida “O`zbekturizm” milliy kompaniyasi, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati hamda mamlakatimizning «Orient Voyages», «Elmundo Tour», «Ulysse Tour», «C.A.T.I.A», «Olimpic Tour Service», «Central Asia Travel» kabi qator sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari o`z xizmatlari bilan ishtirok etayotir. 
Ko`rgazmada Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva kabi qadimiy va navqiron shaharlarimizdagi tarixiy yodgorliklar, sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma`lumot berilmoqda. Rang-barang albomlar, buklet va broshyuralar anjuman ishtirokchilari e`tiboriga havola etilmoqda. Ko`rgazma mehmonlari, ayniqsa, o`zbek milliy taomlari va lazzatli shirinliklari xush ta`mini yuksak baholamoqda. 
“FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini jahonda yanada keng targ`ib etish, bu yo`nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar va o`zgarishlar bilan tanishish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko`paytirishga xizmat qiladi. 

    Boshqa yangiliklar