AsosiyJamiyat

O`zbekistonda homilador ayollarning deyarli uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi — YuNISEF

'O`zbekistonda homilador ayollarning deyarli uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi — YuNISEF'ning rasmi

O`zbekistonda homilador ayollar va kichik yoshdagi bolalarning katta qismida ovqatlanish rasioni talab darajasida emas. Bu haqda YuNISEFning O`zbekistonda bolalar salomatligi va ta`limi haqida taqdim etgan hisobotiga tayanib kun.uz xabar berdi.

Hisobotga ko`ra, O`zbekistonda oxirgi 20 yil davomida reproduktiv yoshdagi (15—49 yosh) va homilador ayollar ovqatlanishining umumiy ahvoli yaxshilangani kuzatilgan. Shunday bo`lsa-da, farzand ko`rish yoshidagi ayollar hanuz to`g`ri ovqatlanishga erisha olmayapti: homilador bo`lmagan ayollarning qariyb 20 foizi anemiyaga chalingan, homilador bo`lmagan ayollarning deyarli yarmida folat tanqisligi mavjud. Homilador bo`lmagan ayollarning taxminan besh nafaridan birida V12 vitamini tanqisligi qayd etiladi.

Homilador ayollarning ovqatlanishida ham muammolar mavjud: uning qariyb uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi.

Bundan tashqari, homilador ayollarning yarmigina minimal maqbul dieta xilma-xilligiga amal qiladi va bunday ayollarning har o`n nafaridan birigina tavsiya etiladigan A vitaminli qo`shimchalarni, har uch nafaridan birigina polivitaminli tabletkalarni qabul qiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, O`zbekistonda chaqaloqlar va bolalarni ovqatlantirish masalasi hanuz yaxshilanishni talab etadi: 6 oylikkacha bo`lgan bolalarning atigi 50 foizi faqat ko`krak suti bilan boqiladi; 5 yoshgacha bo`lgan bolalarning uchdan bir qismigina minimal darajada maqbul turli oziqalar bilan ta`minlanadi va ularning faqat 5 foizigagina minimal darajada maqbul ovqatlar rasioni beriladi.

Bolalar orasida mikroelementlar tanqisligi keng tarqalgan: bolalarning 15 foizi anemiyaga chalingan, 5 yoshgacha bo`lgan bolalarning 50 foizdan ortig`ida temir etishmovchiligi va 6 foizida A vitamini tanqisligi aniqlangan.

Shu bilan birga, O`zbekistondagi bolalarning 9 foizi o`sishdan orqada qolish alomatlariga ega, 2 foizida esa etarlicha ovqatlanmaslik belgilari (ozg`inlik) kuzatiladi.

    Boshqa yangiliklar