AsosiyJamiyat

Konstitusiya xotin-qizlarni qanday himoya qiladi?

'Konstitusiya xotin-qizlarni qanday himoya qiladi?'ning rasmi

Ayollar haqida ko`p ulug` so`zlar aytilgan va aytiladi. Ammo hayotda opa-singillarimiz shu ulug` so`zlardagi kabi e`zoz ko`rmoqdami? Konstitusiyamizni sinchiklab o`qisangiz, ayollar qadr-qimmati, huquqlari himoyasi bo`yicha juda insoniy me`yorlar belgilangan. Bugun turmushda ular ro`yobga chiqmoqdami?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zXDP fraksiyasi a`zosi Mavjuda HASANOVA Konstitusiyamiz qabul qilingan kun arafasida bu kabi savollarga javob berib o`tdi. 

"Chunki, hozirgi davrda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.

Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan o`lchab, qiyoslab bo`lmaydi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari mustahkamlab qo`yilgan, davlatimiz Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi, Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to`g`risidagi, Bir xil qiymatga ega bo`lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag`batlantirish to`g`risidagi konvensiyalarga qo`shilgan.

O`tgan to`rt yilda yurtimizda ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirishga doir 15 dan ortiq me`yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Xususan, o`tgan yili ikkita muhim hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Prezidentimiz qabul qilgan bir qator farmon va qarorlar davlat tashkilotlariga ayollar huquqlari bilan bog`liq vazifalarni belgilab, ularning mas`uliyatini oshirdi. “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaror ana shunday muhim hujjatlardan biri.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tashkil etildi. Alohida Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiya tashkil etilib, u xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta`minlash sohasidagi ishlarning holati to`g`risida har yili O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etishi belgilab qo`yildi.

Endilikda davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta`minlash masalalari bo`yicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining o`rinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.

Qonun ijodkorligiga “normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi”, degan yangi institut kirib keldi.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi qonunda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog`ida teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni kafolatlashi mustahkamlab qo`yildi.

Respublika bo`yicha turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar 2017 yili 44,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilda 45,3 foizga etgan.

Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida O`zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadi gender tenglikni ta`minlash, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan. Unga ko`ra, 2030 yilga borib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to`liq va samarali ishtirokini, etakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta`minlash zarur.

Xulosa o`rnida aytish kerakki, Konstitusiyamizda belgilangan ayollarning haq-huquqlarini ro`yobga chiqarish, ularning qadr-qimmatini oshirish bo`yicha yuqoridan quyigacha amaliy tizim yaratildi. Mana shu yangi tizim samarali ishlashi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur"

 

    Boshqa yangiliklar