Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi Mo`ynoq tumani ekologiya inspektori Shamil Torejanov noqonuniy ovchilar sababli reyd vaqtida avtohalokatga uchrab vafot etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mo`ynoq ekologiya inspeksiyasi boshlig`i T.Tileumuratov, inspektorlar Sh.Torejanov, A.Mambetnazarov Orol dengizining qurigan maydonida noqonuniy ovchilar yurganligidan xabar topgan. Shundan so`ng ular avtomashinada yo`lga chiqqan. Yo`lda avtomobilning shinasiga shikast etib, yo`nalishdan chiqib ketgan va avtohalokatga uchragan.
Inspektor Sh.Torejanov og`ir jarohat olishi oqibatida hodisa joyida vafot etgan. Mazkur hududda mobil aloqa ishlamagani sababli xabar berishning iloji bo`lmagan. Eng yaqin odam yashaydigan joy esa 45 kilometr uzoqlikda bo`lgan.
Baxtsiz hodisa tafsilotini bayon qilgan T.Tileumuratovning ta`kidlashicha, u vaqtni cho`zmay, Orol dengizining qirg`og`ida artemiya yig`ish bilan shug`ullanadiganlarni yordamga chaqirish uchun piyoda ketgan. Yana bir sherigi baxtsiz hodisa joyida qolgan. T.Tileumuratov 45 kilometr uzoqlikdagi lagerlarga etib borgan. Lekin artemiyachilarda faqat botqoqlikda yura oladigan transport bo`lgan va u tunda yurolmagan. Inspeksiya boshlig`i shu joydan telefon orqali Mo`ynoqqa xabar qilgan.
Hozirda voqea bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






