Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, “Ipoteka krediti mexanizmlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-6126, 07.12.2020 y.) qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan prezidentning tegishli qaroriga kiritilgan qo`shimchalarga ko`ra, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan xonalarga bo`linmagan holda qurilgan kvartiralarni sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditlarining cheklangan miqdori quyidagicha belgilandi:
- Toshkent shahrida – umumiy maydoni 60 m² gacha bo`lgan kvartiralar uchun – 264 mln so`m, 60 m² dan ortiq bo`lganlari uchun – 352 mln so`m;
- boshqa hududlarda – umumiy maydoni 60 m² gacha bo`lgan kvartiralar uchun – 240 mln so`m, 60 m² dan ortiq bo`lganlari uchun - 320 mln so`m.
Shuningdek, Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qaroriga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra:
- 2020 yildagi subsidiyalar to`lashning maqsadli mo`ljallari doirasida subsidiya olish uchun ariza topshirish muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar va to`lov muddati 2021 yil 1 iyulga qadar uzaytirildi;
- subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga boshqa shaxslar daromadlari ham kiritilishi mumkinligi belgilandi.






