“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.
Qaror bilan “Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat” loyihasi amalga oshiriladi.
Loyihaga asosan, davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki yo`nalishlari belgilandi.
Shunga ko`ra, 2020 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etilgan ko`chmas mulk bo`yicha kadastr muhandisi instituti 2022 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.
Mazkur tajriba-sinov doirasida:
- 2021 yil 1 apreldan Kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega ko`chmas mulk bo`yicha kadastr muhandislariga, shu jumladan ko`chmas mulk ob`ektlariga birlamchi kadastr yig`majildini tayyorlash huquqi beriladi;
- ko`chmas mulk ob`ektlariga kadastr yig`majildini, shu jumladan birlamchi kadastr yig`majildini tayyorlash jarayonlari maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi hamda Kadastr agentligi tomonidan monitoringi olib boriladi;
- ko`chmas mulk bo`yicha kadastr muhandisi o`z faoliyatini yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzish orqali yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshiradi;
- ko`chmas mulk ob`ektlariga kadastr yig`majildini, shu jumladan birlamchi kadastr yig`majildini tayyorlash bo`yicha xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan minimal stavkalardan kam bo`lmagan miqdorda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag`lar to`liq hajmda uning tasarrufida qoladi.