Avval xabar qilganimizdek, “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga avtomobil yo`llarida yo`l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o`rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o`rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
Elektron auksion savdolarida g`olib bo`lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o`tkazish huquqi bilan biriktiriladi.
Shunga ko`ra, 2021-2022 yillarda respublika bo`yicha jami 3 356 ta intellektual videokameralar hamda 763 ta stasionar radarlar o`rnatiladi.
2021 yil 1 apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyati uchun lisenziyaga ega tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o`tkazish huquqiga ega bo`ladi.
Bunda:
- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish va baholash inson omilisiz, to`liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;
- imtihonlar Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o`tkaziladi;
- imtihonlarni o`tkazish bo`yicha xizmatlar uchun to`lovlar miqdori tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag`lar to`liq hajmda uning tasarrufida qoladi;
- nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo`ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;
- maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkor tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.