Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R. Abdullaev Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga murojaat etib, “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan uning xonadoniga o`rnatilgan issiq suvni hisobga olish asbobini davlat qiyoslovidan o`tkazish muddati o`tganligi to`g`risida belgilangan tartibda bildirishnoma taqdim etilishi ta`minlanmaganligiga qaramasdan, fuqaroning manzili bo`yicha issiq suv uchun hisob-kitoblar 2019 yilning 1 dekabridan boshlab ro`yxatdan o`tkazilgan (yashovchi) odamlarning soni bo`yicha amalga oshirilayotganligidan noroziligini bildirib, mazkur masala yuzasidan amaliy yordam berishni so`ragan. Bu haqda qo`mita Axborot xizmati ma`lum qildi.
Ushbu murojaatdagi holatni o`rganish jarayonida, iste`molchining hisobga olish asbobini davlat qiyoslovidan o`tkazish muddati o`tgan bo`lsada “Toshissiqquvvat” DUK tomonidan iste`molchiga hisobga olish asbobini o`rnatilgan tartibda davlat qiyoslovidan o`tkazish muddati kelganligi haqida rasmiy ravishda ogohlantirish xati yuborilmaganligi aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarning ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichni) echish, qiyoslashdan o`tkazish va o`rnatish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentining 7-bandi ikkinchi xatboshisida talabgorning ta`minotchi korxona tomonidan belgilangan muddatda rasmiy ravishda ogohlantirilmasligi hisobga olish uskunalarini o`z vaqtida qiyoslovdan o`tkazmaganlik uchun aybdorlikni keltirib chiqarmasligi belgilangan.
Qo`mita tomonidan “Toshissiqquvvat” DUK yuqorida keltirilgan tartib talablari buzilganligi hamda fuqaro R.Abdullaevga issiqlik ta`minoti xizmatlari uchun asossiz ravishda ro`yxatdan o`tkazilgan (yashovchi) odamlarning soni bo`yicha noto`g`ri qarzdorlik hisoblanganligi aniqlanib, “Toshissiqquvvat” DUKga nisbatan belgilangan tartibda ish qo`zg`atildi.
Buning natijasida “Toshissiqquvvat” DUK tomonidan ko`rsatib o`tilgan qonunbuzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi va fuqaro R. Abdullaevning foydasiga 1 847 847,39 so`m mablag`lar qayta hisob-kitob qilindi va fuqaroning manfaati himoyalandi.






