Kuni kecha, Buxoroda gaz yo`qligidan norozi aholi mashina yo`lini to`sib qo`yib, katta ko`chalarga chiqib ketayotgani va holat yuzasidan o`rganish ishlari boshlangani haqida xabar qilgan edik.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro tumani hokimligi qo`shimcha ma`lumotlar taqdim etdi.
O`rganishlar jarayonida videomaterial Buxoro tumanidagi “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig`inida tasvirga olinganligi ma`lum bo`ldi.
Aniqlanishicha, 949 ta xonadonda 5 ming 610 nafar kishi istiqomat qilayotgan “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig`inida ayni paytda tabiiy gaz bosimi pasaygan. Mutaxassislar buni ob-havoning keskin tushib ketishi natijasida gaz iste`moli ko`payishi va oqibatda hudud aholisining aksariyat xonadonlarida tabiiy gaz bosimida muammolar paydo bo`lganligi bilan izohlashmoqda.
Shuningdek, dastlabki o`rganishlar jarayonida mahalladagi gaz maromlash punktining soz holatda ekanligi aytilmoqda. Hozirda gaz bosimi bilan bog`liq muammoni bartaraf etish choralari ko`rilmoqda, deyilgan hokimlik xabarda.
Shundan so`ng, voqea sabablariga oydinlik kiritish maqsadida"Hududgaz Buxoro" gaz ta`minoti filiali xodimlari muammoni o`rganishdi, deya xabar qilmoqda "Hududgaz Buxoro" gaz ta`minoti filiali matbuot xizmati.
"Gaz ta`minoti bilan bog`liq yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish uchun barcha zarur choralar ko`rildi. Muammoning asl sababi aniqlandi hamda bu borada quyidagicha ma`lumot berildi. Qorako`l tumanidagi “Kogon” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Qorako`l” gaz taqsimlash stansiyasidan tumandagi iste`molchilarga 6 atmosfera bosimi ostida etkazib berilayotgan tabiiy gazni gaz taqsimlash stansiyasidagi 2-raqamli jo`mrak orqali 1,8-2 atmosferaga qisqartirilishi natijasida aholi xonadonlariga tabiiy gaz ta`minoti to`xtab qolgan. Bu esa tumandagi “Do`stlik” va “Qorako`z” mahalla fuqarolar yig`ini aholisining noroziligiga sabab bo`lgan. Ayni vaqtda, hududda gaz ta`minoti tiklandi", deyilgan mutasaddi tashkilot izohida.






