AsosiyJamiyat

Navoiyda ichimlik suvi uch baravar qimmatlashadi

'Navoiyda ichimlik suvi uch baravar qimmatlashadi'ning rasmi

Navoiy viloyatida 2021 yilning 1 yanvar kunidan ichimlik suvi narxi keskin oshadi. Bu borada xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining XII sessiyasiga kiritilgan kengash qarori deputatlar tomonidan tasdiqlangan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, qarorda 1 m³ ichimlik suvi narxi aholi uchun 3 000 so`m (hozirgi narx 1 080 so`m), byudjet tashkilotlari va ulgurji iste`molchilar uchun esa 7 000 so`m (hozirgi narx 3 300 so`m) qilib belgilangan. Narxning bunday keskin o`sishini «Navoiy suv ta`minot» MChJ mas`ullari viloyatdagi suv inshootlari va quvurlarning ta`mirtalab holga kelib qolgani bilan izohlagan.

«Navoiy suv ta`minot» MChJ axborot xizmati rahbari Bakitbek Kizilbaevning ma`lum qilishicha, viloyatda jami 647 ming nafardan ortiq aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta`minlangan bo`lib, bu viloyat aholisining 64 foizi degani. «Navoiy suv ta`minoti» MChJ balansidagi 199 ta suv tarqatish inshootining 28 tasi (14 foizi), shuningdek, viloyatdagi jami 2 784,8 km ichimlik suv tarmoqlarining 17 foizi ta`mirtalab.

«Suv quvurlarining asosiy qismi 50 yil oldin yotqizilgan bo`lib, hozirda eskirgan. Oqibatda tizimda og`ir iqtisodiy ahvol yuzaga kelgan», deydi Kizilbaev.

Qizig`i, Samarqandda ham deputatlar ichimlik suvi narxining oshishi bo`yicha qarorni tasdiqlashdi. Ammo, ikkala viloyat narxida katta farq borligini ko`rish mumkin. Samarqandda aholi uchun 1 m³ ichimlik suvining oshgan narxi 1 850 so`m, byudjet va ulgurji iste`molchilar uchun 3 500 so`m qilib belgilangan. Ya`ni, Navoiydagi 1 m³ ichimlik suvi puliga Samarqandda 2 m³ suv sotib olish mumkin.

    Boshqa yangiliklar