AsosiyJamiyat

"Suyuq shlak – “Lava”emas!" Olmaliqda Mis eritish zavodidan chiqqan suyuqlikning to`kilayotgani haqidagi shov-shuvga javob berildi

'"Suyuq shlak – “Lava”emas!" Olmaliqda Mis eritish zavodidan chiqqan suyuqlikning to`kilayotgani haqidagi shov-shuvga javob berildi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodi (MEZ) shlakini ixtisoslashtirilgan shlak ag`darmalariga to`kish jarayoni tasvirga olingan rolik tarqaldi. Unda muallif mazkur sohaning mutahassisi bo`lmaganligi sababli ortiqcha ehtiroslarga berilib, “Dahshat, ekologiyamizga zarar emasmi bu?!” sarlavhasi bilan omma e`tiboriga havola qilgan. 

Ushbu vaziyatga «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filiali direktori t.f.d. F.Ya.Umarov oydinlik kiritdi.

— Shlaklar mis eritish ishlab chiqarishishing texnogen chiqindilari hisoblanadi. Shlak quymasi saqlanadigan ag`darma yaqin posyolkadan (Toshkent viloyati, Olmaliq sh.) 7,5 km masofada joylashgan bo`lib, viloyat va davlat ahamiyatiga ega bo`lgan avtomobil yo`llaridan uzoqda joylashgan. Ag`darma MEZ bilan texnik maqsadlar uchun mo`ljallangan temir yo`l liniyasi orqali ulanadi. Inshoot 1958-yil 17 mayda MEZ bilan kompleks loyihalangan va 1964-yildan buyon faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Loyihaga ko`ra, shlak quymasi uchun ajratilgan maydon 57,5 gektarni tashkil etadi.

Respublika umumiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlarining o`sish dinamikasida YaIMning muhim qismi bo`lgan sanoatning o`sishi alohida ahamiyatga egadir. O`sish sur`atini saqlash butun ishlab chiqarish sikliga kompleks va innovasion yondashuvni talab etadi. Xomashyoni qayta ishlashga kompleks yondashuv mineralogik xomashyoning dastlabki shakli va tuzilishidan emas balki sanoat chiqindilaridan foydalanishni, ya`ni ulardan qimmatbaho komponentlar olishni talab qiladi.

“Olmaliq KMK” AJda ham texnogen chiqindilarni qayta ishlash, ulardan foydalanish va yo`q qilish bo`yicha butun sanoat sikli shakllantirilgan.

Ishlab chiqarish rejalariga muvofiq shlak ag`darmasining o`rtacha yillik o`sishi 800-900 ming tonnani tashkil etadi. Hisobot davri uchun 1964-yildan boshlab ag`darmani shakllantirilganini inobatga olgan holda 2020-yil 1 avgust holatiga ko`ra, shlak zahirasi 7,9 mln. tonnani tashkil etadi.

So`nggi yillarda “Olmaliq KMK” AJ da ishlab chiqarishning keskin o`sishi va sanoat chiqindilarini qayta ishlash bo`yicha innovasion texnologiyalarni joriy etilishi kuzatilmoqda, xususan, 2-sonli Mis boyitish fabrikasida (MBF-2) shlakni qayta ishlash yiliga 650 ming tonnani tashkil etmoqda. Ushbu texnologik sikl amalda chiqindilarsiz hisoblanadi, chunki boyitish fabrikasida shlaklarni qayta ishlash vaqtida keyinchalik mis konsentratini olish uchun mis birikmalari jalb qilinadi va ishlab chiqarish chiqindilari sement ishlab chiqarishda qo`shimcha temir moddasi sifatida qo`llash maqsadida sement zavodlariga yuboriladi. Boyitish fabrikasida shlaklarni qayta ishlash jarayoni xomashyo uchun ma`lum harorat parametrlarini talab qiladi, shuning uchun suyuq shlaklar sovutish va undan keyinchalik qayta ishlashda foydalanish maqsadida shlak ag`darmalaridagi maxsus ariqlarga quyiladi.

Shuningdek, bizning Filial “Olmaliq KMK” AJning texnogen chiqindilarni keyinchalik qayta ishlash bo`yicha turli loyihalarida ishtirok etadi. Masalan, 460 million so`mlik xo`jalik shartnomasi asosida ishlab chiqarishning texnogen chiqindilaridan rangli, qimmatbaho va noyob metallarni ajratib olishning innovasion texnologiyasi ishlab chiqilmoqda. Janubiy Koreyaning “SEBINE Technology” kompaniyasi, “KITECH” ilmiy-tadqiqot instituti va “KEIMYUNG UNIVERSITY” bilan hamkorlikda “Olmaliq KMK” AJ texnogen chiqindilarini kompleks qayta ishlash loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ta`kidlash joizki, “Olmaliq KMK” AJ har yili O`zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo`mitasi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi tomonidan tasdiqlash uchun texnogen chiqindilarning holati va tarkibi bo`yicha hisobot hujjatlarini tayyorlaydi. Ushbu davlat qo`mitalari shlak ag`darmalarida shlaklarni saqlash sharoitlarini avtonom nazorat qiladi va monitoringini olib boradi.

Ba`zi “Ekologik ekspertlar” tomonidan vaziyatni bo`rttirilishi masalasiga quyidagilarni aniq aytish mumkin:

Birinchidan, suyuq shlak – “Lava”emas.

Ikkinchidan, “Ekspert” bu videomaterialni o`z mulohazalari bilan o`rtaga tashlashdan oldin, hech bo`lmaganda, tomoshabinlar bo`layotgan voqealar tafsilotini tushunishi uchun qaerdadir yoritilgan kuzatuv materiallarini ko`rsatib o`tishi lozim edi.

Uchinchidan, shlak tuproqqa chuqur kirib borish xususiyatiga ega emas va shunga mos ravishda atrof-muhitni, jumladan grunt suvlarini ifloslantira olmaydi.

To`rtinchidan, ushbu texnologik sikl 50 yildan ortiq faoliyat ko`rsatib kelmoqda, shlaklarni keyingi qayta ishlash faqat so`nggi yillarda yo`lga qo`yilganligini inobatga oladigan bo`lsak, bu jarayon atrof-muhitga sezilarli salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi degan xulosa tabiiy ravishda shakllanadi.

 

 

    Boshqa yangiliklar