AsosiyJamiyat

IIV ogohlantiradi: hech qachon hech kimga SMS orqali sizga kelgan kartangizni tasdiqlovchi kod raqamini aytmang!

'IIV ogohlantiradi: hech qachon hech kimga SMS orqali sizga kelgan kartangizni tasdiqlovchi kod raqamini aytmang!'ning rasmi

So`nggi paytlarda internet firibgarlar uchun kirdikorlarini amalga oshirish yo`lida "qulay" maydonga aylanib qoldi. Ushbu mavzuda IIV Tezkor-qidiruv xamkorligi boshqarmasi Axborot texnologiyalari soxasida jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi O`MIB tezkor vakili podpolkovnik U.Qlichev o`z fikrlarini bildirdi:

"Firibgarlardan jabr ko`rmasligingiz uchun bir nechta oddiy qoidalarni bilishingiz zarurdir.  Eng muhimi: hech qachon hech kimga SMS orqali sizga kelgan kartangizni tasdiqlovchi kod raqamini aytmang.  

Shuningdek, sizga taklif etilayotgan havolalarga o`tmang, u erga ma`lumotlaringizni kiritmang. Havolalarga e`tibor bilan qarang, shubhali tuyulgan taraflariga diqqat qiling, taqdim etilgan manzil rasmiy veb-sayt manziliga o`xshash bo`lishi mumkin.  

Kartadan o`tkazish yo`li bilan oldindan to`lovni amalga oshirmang, mahsulot qo`lingizga etib kelgandan so`nggina to`lang. Arzon narx va etkazib berish bo`yicha “savdolashib”, aldanib qolmang.  Agar reklama beruvchi sizni aldagan bo`lsa, darhol aloqaga chiqish tizimi orqali rasmiy veb-sayt ma`muryatiga xabar bering.  

Boshqa shaharlarda mahsulot sotish bo`yicha takliflardan ham ehtiyot bo`lmoq  darkor. Haridor mahsulotni etkazib berish orqali topshirishiga shubha bilan qarash kerak. Firibgar ishonchingizga kirib, to`lovni amalga oshirishingiz uchun sizdan plastik kartangiz kodini, so`ngra esa tasdiqlovchi raqamni so`rab oladi va mablag`laringizni bitta qoldirmay o`z hisobiga o`tkazib oladi. Ish mahsulotni etkazib berishgacha esa etib bormaydi ham.  

Mahsulotning arzonligiga ko`pam berilmaslik kerak, chunki bu usul sizni chuv tushurish uchun ishlatilgan hiyla bo`lmasligiga hech kim kafolat bo`la olmaydi. Ayrim firibgarlar mahsulot uchun avans talab qiladilar, pulni olgandan so`ng esa daraksiz yo`qolib qoladilar. O`zbekiston tashqarisida shaxsiy ro`yhatdagi xaridlardan voz kechishga harakat qiling. Shuni eslatib o`tish joizki, agar siz firibgar bilan Telegram messenjeri orqali aloqa qilgan bo`lsangiz, unda Telegram-ning mahfiyligi jinoyatchini topish va pulni qaytarish uchun deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Xabar almashish tizimidan tashqarida muzokaralar olib borishda buni yodda tutish muhimdir.    

Misol keltiradigan bo`lsak, shu  yilning 3 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, “Gerseptin” nomli dori vositasini internet sahifalarida izlaganini va ijtimoiy tarmoqlarda  dori sotish bilan shug`ullanadigan noma`lum bir shaxsning telefon raqamini topib, SMS-xabari jo`natganini bildirgan. Izlayotgan dorisi haqida so`raganida no`malum shaxs dorining narxi 3.800.000 so`m ekanligini va topishda yordam berishini aytgan. Shuningdek, avvaldan bir million so`m miqdorida to`lovni amalga oshirish kerakligini, pul o`tishi bilan dorini etkazib berishini  tushuntirgan.  Shundan so`ng noma`lum shaxs plastik karta raqamini berib,  to`lovni o`tkazishi mumkinligini bildirgan. Arizachi “Milliy bank”dan ochilgan plastik kartasidan, uning plastik kartasiga 1.000.000 so`m pulni o`tkazib bergan.  Biroq o`sha noma`lum shaxsning telefon raqami bilan boshqa aloqa qilib bo`lmaganligi sababli, uning kimligini aniqlab, pulini qaytarishda va unga nisbatan qonuniy chora ko`rishda amaliy yordam  so`rab ichki ishlarga murojaat qilgan.  

IIV va Xorazm viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida  ushbu shaxs aniqlangan. Ma`lum bo`lishicha, u tanishining nomiga  rasmiylashtirilgan telefon raqamini ishlatib yurgan hamda nafaqada bo`lgan buvisining  plastik kartasiga mijozlaridan olgan pullarni o`tkazib, turli bankomatlardan naqd pul qilib echib olgan. Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida daliliy ashyolar bilan qo`lga olingan gumonlanuvchi shu kabi harakatlari bilan bir necha o`nlab fuqarolarni aldab, ishonchiga kirib,  o`zini noqonuniy hatti-harakatlarini sodir qilganligi aniqlandi"

    Boshqa yangiliklar