«UzAuto Motors»ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasi bo`yicha shu yilning 30 oktyabr kuni sudning hal qiluv qarori qabul qilingandi.
Qo`mita vakillari sudning qaroridan norozi bo`lib, yuqori instansiyaga murojaat etishini bildirgandi.
Oliy sud matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, 2020 yil 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudining apellyasiya instansiyasida arizachi - “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyatining javobgar - O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga nisbatan maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ma`muriy ish yuzasidan sudning 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga nisbatan javobgar tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatini mazmunan ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
Bugungi sud majlisida ishtirok etayotgan taraflarning shaxsi aniqlanib, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgan.
“UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati vakili sudlov hay`atiga murojaat qilib, ishni ko`rish jarayonida davlat siri va tijorat siri bilan bog`liq masala muhokama qilinganida sud majlisini yopiq tarzda o`tkazishni so`radi.
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi vakilining keltirilgan apellyasiya shikoyati yuzasidan fikri tinglanib, shikoyatda keltirilgan vajlar yuzasidan berilgan savollarga javoblari tinglandi.
Qo`mita vakili tomonidan sudlov hay`atiga iltimosnoma kiritilib, unda ishni ko`rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MChJni jalb etish hamda “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kiritilgan shikoyat arizadagi imzoni haqiqiyligini tekshirish maqsadida sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash so`raldi.
Sudlov hay`ati o`z o`rnida ajrim qilib, sudga oid xatshunoslik ekspertizasini tayinlash to`g`risidagi iltimosnomani qanoatlantirishdan rad etdi hamda ishni ko`rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MChJni jalb etish to`g`risidagi iltimosnoma muhokamasi “UzAuto Motors” AJ vakillari fikri tinglanganidan so`ng keyinga qoldirildi.
Keyingi sud muhokamasi 2020 yil 18 dekabr kuni soat 10.30 ga qoldirildi.






