Pandemiya davrida Rossiya Federasiyasida qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi, shuningdek, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining Rossiyalik hamkasblari bilan olib borilgan muzokaralari natijasida Toshkent – Moskva – Toshkent yo`nalishida maxsus poezdlar qatnovi yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Jumladan joriy yil dekabr oyining 14, 21, 28 sanalarida Moskva Kazanskiy – Toshkent yo`nalishida poezdlar qatnovi amalga oshiriladi. Mazkur poezdlar Moskvadan soat 22:28 da jo`naydi. Ushbu poezdlarga faqat bir tomonga, ya`ni Moskva – Toshkent yo`nalishiga chiptalar sotiladi. Yo`lovchilarga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida chiptalarning elektron sotuvi yo`lga qo`yildi. Moskvadagi fuqarolarimizning yaqinlari O`zbekistonda turib, ularning shaxsini tasliqlovchi hujjati nusxasi bilan “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali e-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo`natishlari ham mumkin.






