Sharqiy Osiyoda hukm surayotgan sovuq ob-havo sharoiti Tayvanda 50 kishining umriga zomin bo`ldi, deb xabar beradi “BBC” nashri.
Tayvan OAVlarining xabar berishicha, Tayvanda o`tgan dam olish kunlari havo haroratining Selsiy shkalasi bo`yicha to`rt darajagacha tushib ketishi oqibatida ko`pchilik insonlarning yurak qon-tomir faoliyatida buzilish kuzatilgan. Aksariyat kishilar aynan mana shu sababli vafot etgan.
Bundan tashqari,qalin qor yog`ishi tufayli Koreyaning Chedju orolidagi aeroport ham yopib qo`yilgan. 500 dan ortiq aviareyslar bekor qilingan. O`zining betakror tabiati va plyajlari bilan sayyohlar orasida mashhur bo`lgan orolda havo harorati minus olti darajagacha sovib ketgan.
Anomal sovuqlar, shuningdek, Gongkong, Xitoyning janubiy qismi va Yaponiyagacha etib borgan, bu hududlarda sovuqdan besh kishi vafot etgani aytilmoqda.
Eslatib o`tamiz, o`tgan dam olish kunlari AQShniing sharqiy hududlarida ham yuzyillik ichidagi eng kuchli qor bo`ronlari kuzatildi.