AsosiyDunyo

Guterrish 80 yil ichidagi eng kuchli resessiya haqida ogohlantirdi

'Guterrish 80 yil ichidagi eng kuchli resessiya haqida ogohlantirdi'ning rasmi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatlarning pandemiyaga nisbatan tartibsiz reaksiyasini tanqid qildi.

Koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy ta`siri juda katta bo`ldi va bu ta`sir doirasi hali -hamon kengayib bormoqda. Dunyo 80 yil ichidagi eng katta iqtisodiy inqirozga duch kelishi mumkin. Guterrish bu haqda Nobel mukofoti forumida ma`lum qildi

«Biz so`nggi sakson yil ichidagi eng kuchli global resessiya oldida turibmiz. O`ta qashshoqlik va ocharchilik tahdidi kuchaymoqda», - deya ogohlantirdi u. Bu holatga «pandemiya tufayli yaqqol ko`ringan jamiyatdagi tengsizlik hamda adolatsizlik» sabab bo`lgan. 

Guterrishning ta`kidlashicha, hech qanday emlash etkazilgan zararni bartaraf eta olmaydi. BMT bosh kotibi sodir bo`layotgan voqealarni global tahdid deb atab, unga qarshi mamlakatlar birgalikda javob ishlab chiqmagani, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa infeksiyaga qarshi kurashish uchun barcha kerakli ma`lumotlarni taqdim etganini bildirdi. 

Pandemiyaga reaksiya tarqoq va tartibsiz bo`ldi, dedi Guterrish. «Mamlakatlar, mintaqalar va hatto shaharlar eng zaruriy vositalarni etkazib berish va ilg`or tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha raqobatlashdi», - dedi Guterrish va COVID-19’ga qarshi vaksinalarni tarqatishda bu vaziyat takrorlanishining oldini olishga chaqirdi. 

Dekabr oyi boshida AQSh Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi (NBER) pandemiyaning globallashuv va savdoga ta`siri to`g`risida hisobot taqdim etdi. Tadqiqot muallifi, Harvard universitetida iqtisod professori Pol Antrasning ta`kidlashicha, COVID-19 bir xil bo`lmagan zarar etkazgan. Ya`ni, aholining kam ta`minlangan qismi eng ko`p jabr ko`rdi, bu esa savdoda ochiqlik siyosatini qo`llab-quvvatlashni susaytirishi mumkin, dedi u.

    Boshqa yangiliklar