Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi.
O`zbekiston va da`vogarlar 2013 yildan buyon Investisiya nizolarini hal etish xalqaro markazida davom etayotgan xalqaro arbitrajni tugatishga kelishib oldi (Vladislav Kim and others v. Republic of Uzbekistan, ARB/13/6-son ishi) – “ICSID Arbitraji”.
2013 yilda Qozog`istonning o`n ikki fuqarosi davlat organlarining “Bekobodsement” AJ va “Quvasoysement” AJga nisbatan qilgan harakatlari munosabati bilan ICSIDga arbitraj da`vosini kiritgan, da`vogarlar o`sha paytda mazkur jamiyatlarning aksariyat ulushini egalari bo`lgan.
Da`vogarlar davlat organlarining harakatlari 1997 yil 2 iyundagi O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog`iston Respublikasi Hukumati o`rtasidagi “Investisiyalarni rag`batlantirish va o`zaro himoya qilish to`g`risida”gi Bitimni buzganligini ta`kidlagan (“Investisiyalarni himoya qilish to`g`risida Bitim”). O`zbekiston tomoni da`vogarlarning barcha ayblovlarini rad etib, Investisiyalarni himoya qilish to`g`risidagi Bitimning buzilishi holatlari mavjud emasligini ta`kidladi, shu bilan birga, nizoni tinch yo`l bilan hal qilishga tarafdorligini bildirdi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar o`zaro manfaatli shartlar asosida ICSID arbitrajini tugatish bo`yicha kelishuvga erishdilar. Ushbu kelishuv doirasida O`zbekiston tomoni “Bekobodsement” AJning
51 foiz aksiyalarini mazkur jamiyatning aksiyadoriga qaytardi.
O`zbekiston tomoni mamlakatda keng qo`lamli iqtisodiy islohotlar dasturi amalga oshirilayotganligini va to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar sohasida faol siyosat olib borayotganligini qayd etadi.
2020 yilning oktyabriga kelib tomonlar kelishuv bitimida nazarda tutilgan barcha shartlarni bajardilar.
Shundan so`ng, 2020 yilning 9 dekabrida ICSID Tribunali arbitraj muhokamasini qayta murojaat qilish huquqisiz tugatish haqida qaror qabul qildi.






