Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Prezident Matbuot xizmatining xabar qilishicha, Xonqa tumanidagi innovasion issiqxonani borib ko`rdi.
Ma`lum qilinishicha, «Red Star Oxus» mas`uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard so`mdan ziyod mablag` evaziga tashkil etilgan mazkur inshoot shu yil fevral oyida ishga tushirilgan edi. Bu mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo`lib, 7 gektar maydonda gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulg`or qalampiri, ko`katlar etishtirilmoqda.
Issiqxonada Niderlandiyaning «Kubo» kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Ultra clima» nou-xau texnologiyasi keltirib o`rnatilgan. Buning afzalligi shundaki, issiqlik ventilyator yordamida ultra iqlim zonasiga tortiladi va plastik quvurlar orqali kerakli joyga ehtiyoj darajasida yuboriladi. Ya`ni, harorat butun issiqxonaga emas, balki etishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yo`naltiriladi. Bu esa katta miqdorda energiyani tejashga yordam beradi.
Ta`kidlanishicha, bunday “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalar dunyoda 200 gektar atrofida. Shundan 7 gektari O`zbekistonda.
Yana bir muhim jihati – issiqxona tepasiga quyosh nuriga o`xshash xususiyatga ega maxsus chiroqlar o`rnatilgan. Bu fotosintez jarayoniga sezilarli ta`sir ko`rsatib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Masalan, plyonkali issiqxonalarda pomidor ko`chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovasion issiqxonada bir yil mobaynida mahsulot olish mumkin.
Davlatimiz rahbari aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratdi.

- Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo`lib boryapti. Tashqi bozor qishloq xo`jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida etkazib berishni talab qiladi. Shuni taklif qila olgan korxona bozorda o`rin egallaydi. Bu ish o`rni va eksportni ta`minlash uchun katta manba, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Issiqxonada jarayon to`liq avtomatlashtirilgan. Birinchi bosqichda 75 kishi doimiy ish bilan ta`minlangan.
Prezidentimizga istiqboldagi rejalar haqida ma`lumot berildi. Xususan, loyihaning ikkinchi bosqichida 8 gektar maydonda yana bitta issiqxona quriladi. Uni kelasi yil dekabrda foydalanishga topshirish va yana 150 ta ish o`rni yaratish mo`ljallangan.
- Bu korxona - drayver. Bunday issiqxonalar ko`payishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham o`rgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xo`jaligining kelajagi shu, - dedi davlatimiz rahbari.

Ushbu majmuani o`ziga xos maktab sifatida belgilab, tadbirkorlarni o`qitish muhimligi ta`kidlandi.
- Oziq-ovqat mahsulotlariga birinchi talab - sifat. Shuning uchun har bir issiqxonaning laboratoriyasi, o`z brendi bo`lishi kerak, - dedi Prezident.
Shu erda qishloq xo`jaligida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish, yangi erlarni o`zlashtirish, yomg`irlatib sug`orish tizimini joriy qilish bo`yicha topshiriqlar berildi. Sholi ekishda adolatni ta`minlab, aholiga er maydonlari ajratib berish, shu orqali odamlarni ish bilan ta`minlash va kambag`allikdan chiqarish bo`yicha vazifalar qo`yildi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini o`rganish bo`yicha muloqot va sosiologik tadqiqot natijalari haqida ham ma`lumot berildi. Davlatimiz rahbari har bir yoshning intilishi va qobiliyatini inobatga olib, rejalarini amalga oshirish bo`yicha bir yillik dastur ishlab chiqishga ko`rsatma berdi.


























