Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolarini migrasiya va mehnat to`g`risidagi qonun buzilishi bilan bog`liq masalalarda huquqiy himoya qilish bo`yicha yuridik xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar o`rtasida joriy yilning 8 sentyabridan 15 oktyabr kuniga qadar ochiq tanlov o`tkazildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.
Tanlov hujjatlariga ko`ra, Rossiya Federasiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolarini quyidagi hollarda huquqiy himoya qilish ko`zda tutilgan:
- mehnatga haq to`lash tartibi bo`yicha - ish beruvchi tomonidan hujjat bilan tasdiqlangan qarzdorliklarni undirishga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish;
- mehnat majburiyatlarini bajarish vaqtida mehnat migrantining sog`lig`iga etkazilgan zarar uchun ish beruvchi tomonidan moddiy va ma`naviy zararlarni qoplashga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
- ishchining mehnat vazifalarini bajarish jarayonida vafot etganligi natijasida etkazilgan zararni qoplash yoki mehnat vazifalarini bajarishda sog`lig`iga etkazilgan zarar uchun moddiy to`lovlarni undirish yuzasidan sug`urta polisi yoki Rossiya Federasiyasi Ijtimoiy sug`urta jamg`armasi mablag`lari hisobidan sug`urta to`lovlariga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
- Rossiya Federasiyasidan ma`muriy chiqarib yuborish to`g`risida noqonuniy qabul qilingan sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan appelyasiya va kassasiya tartibida shikoyat kiritish borasidagi yuridik harakatlar.
Bugungi kunda yuqorida ko`rsatilgan hollarda fuqarolarni qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Rossiya Federasiyasida yuridik xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar bilan Agentlik o`rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur bitimga ko`ra, yuridik xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ko`rsatilgan xizmatlarga haq to`lash O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat migrantlarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.






