Prezident qarori bilan 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda yuz.uz ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, Angren shahrining “Nurobod” qo`rg`oni, shuningdek O`rtachirchiq tumanidagi “Baxt”, “Tosh DAU”, “A.Navoiy” va “O`rtasaroy” hududlarining 2-uchastkalari Ohangaron tumaniga o`tkaziladi.
Tumanda sanoat, qishloq xo`jaligi, xizmatlar, servis va savdo sohalari, bo`sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish bo`yicha 527 ta loyihalarning amalga oshirilishi va bu orqali 13 ming 192 ta yangi ish o`rinlarining yaratilishi belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan tumandagi investisiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “bir so`m” boshlang`ich qiymatda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolariga chiqariladigan davlat mulki ob`ektlari (15 ta) ro`yxati tasdiqlandi.






