Avval xabar berganimizdek, Xorazm viloyati faollari bilan o`tgan yig`ilishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, «o`sish nuqtalari» belgilandi.
Xususan, Urganch shahrida to`qimachilik va turizm, Xiva shahrida turizm va qurilish materiallari, Gurlan tumanida to`qimachilik va issiqxona xo`jaligi, Yangibozor tumanida issiqxona va meva-sabzavotni qayta ishlash, Tuproqqal`a tumanida mashinasozlik va elektr texnikasi kabi yo`nalishlarni rivojlantirish mumkinligi qayd etildi. Shu yo`nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlari biriktirildi. Barcha loyihalar 16 mingdan ziyod ish o`rni tashkil etish imkonini beradi.
2021 yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish maqsadlariga 500 milliard so`m kredit resursi ajratilishi ma`lum qilindi.
Xorazm uchun drayver sohalardan biri - turizm. Shu bois viloyatda mehmonxona o`rinlarini ko`paytirish, salohiyatli mamlakatlardan Urganchga doimiy va charter reyslar tashkil etish zarurligi ta`kidlandi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Farg`ona vodiysidan avia va temir yo`l qatnovini yo`lga qo`yib, buning dastlabki davrida 30 foizlik chegirma qo`llash bo`yicha ko`rsatma berildi. Keyinchalik bu tajriba Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari bo`yicha ham qo`llaniladi.
Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog`iston bilan bog`laydigan 413 metrlik ko`prik, Qorao`zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo`l qurilishi aytildi. Kelgusi uch yilda 2 ming 370 kilometr ichki yo`llarni ta`mirlash vazifasi qo`yildi.
Ijtimoiy masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Kelgusi yili viloyat bo`yicha 2 ming xonadonli 100 ta ko`p qavatli uy-joy barpo etish, ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash bo`yicha topshiriqlar berildi.
Ta`lim, tibbiyot, madaniyat sohalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Prezidentimiz yig`ilishda xorazmlik yoshlar bilan alohida suhbatlashdi. Har birini eshitib, takliflari bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.
- Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning o`z o`rni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland bo`lishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.



















