Internet tarmog`ida avtomobil salonidan guvoh tomonidan tasvirga olingan fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari orasidagi kelishmovchilik videosi tarqaldi.
Toshkent shahar IIBB mazkur fakt bo`yicha quyidagilarni ma`lum qildi.
"Kecha, 13 dekabr kuni taxminan soat 15.00 da Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektorlari podpolkovnik Sh. Alimkulov va kapitan D. Majidovlar “Universam” savdo kompleksi yaqinidagi er osti yo`lagida noqonuniy savdo bilan shug`ullanuvchi va bu bilan boshqa fuqarolar uchun noqulayliklar tug`diruvchi shaxslarga nisbatan chora ko`rish haqidagi ko`plab murojaatlardan so`ng voqea joyiga etib kelgan.
Er osti yo`lagida savdo mollarini terib qo`ygan ayol, erkak va yigitni ko`rishadi. Mazkur shaxslar noqonuniy savdoni to`xtatib, savdo mollarini yig`ishtirish va yo`lakni fuqarolar uchun bo`shatish to`g`risidagi ogohlantirishlarga rad javobini berishgan. Savdo qoidalarini buzish uchun qonun bilan belgilangan javobgarlik haqidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qo`pol tarzda javob berib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini aytdilar.
Bundan tashqari, ular janjal ko`tarib atrofdagilarning e`tiborini tortishdi, ularning o`g`li bo`lgan yigit esa xizmat burchlarini ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bila mushtlashmoqchi bo`ldi. Voqea joyiga patrul-post xizmati xodimlari etib kelishganda ham yigit huquqbuzarlikni bas qilmasdan patrul-post xizmati xodimini yuzidan urgan. Shu sababli xodimlar yigitning qo`llariga kishan solishga majbur bo`lishgan va uch nafar tartibbuzarlar shaxslarini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun 5-son IIBga olib ketilgan.
Er osti yo`lagida noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar tomonidan kelib chiqqan tartibbuzarlik va noqulayliklardan norozi bo`lgan o`ndan oshiq hodisa guvohlari ko`rsatma berish maqsadida ichki ishlar bo`limiga ixtiyoriy ravishda etib kelishdi. Huquqbuzarlar – Navoiy viloyatilik 43 yoshli Akromjon va 42 yoshli Xolisxon Turdievalar va ularning o`g`li 19 yoshli Abdurahim Xidirov ekanligi aniqlandi.
Shuningdek ma`lum qilamizki, internet tarmog`ida tarqagan videoda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini buzishni bas qilish haqidagi talablariga bo`ysinmasdan faol qarshilik ko`rsatgan Abdurahim Xidirovning qo`lga olinishi tasvirga tushgan. Erda yotgan ayol – 42 yoshli Xolisxon Turdieva savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar bo`limiga olib ketishiga qarshilik ko`rsatmoqchi bo`lgan.
Hodisa yuzasidan tergov oldi tekshiruvi o`tkazilmoqda.
Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Shahrimizda tartib, tinchlik va xavfsizlik bo`lishi uchun huquqbuzarlik harakatlari har birimiz uchun nomaqbul ish bo`lishi zarur. Buning uchun har bir fuqaro umumiy uyimizdagi holatga daxldorligini anglashi zarur. Qonunbuzarlikka guvoh bo`lsangiz, befarq bo`lmang, qoidabuzarga tanbeh bering. Agar buning ta`siri bo`lmasa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xabar bering.






