Jamoatchilik tomonidan Konstitusiyaga aynan qanday o`zgartirishlar kiritilayotganligi va uning asoslari nimalardan iboratligi haqida savollar paydo bo`lmoqda.
Oliy Majlis Senati kun tartibida «O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida»gi masala ham ko`rib chiqilishi haqida ma`lumotlar e`lon qilindi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev ma`lum qilmoqda.
"Ta`kidlash joizki, bu o`zgarishlar avvalo O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi PF 6034-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan bo`lib, unga ko`ra 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
- viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo`yicha, jinoyat ishlari bo`yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat`iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo`yicha alohida sudlov hay`atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
- ma`muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko`rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma`muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma`muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma`muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.
Farmonga asosan 2021 yil 1 yanvardan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o`zgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 107-moddasi birinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilmoqda:
“O`zbekiston Respublikasida sud tizimi O`zbekistan Respublikasi Konstitusiyaviy sudi, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog`iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma`muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari buyicha tuman (shahar) sudlari, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma`muriy sudlaridan iborat”.
Bu o`zgarishlardan maqsad fuqarolarning sudma-sud sarson bo`lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilish, sud tizimini boshqarish masalalarini takomillashtirib, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik ta`minlash ishini yaxshilashga erishishdan iborat.
Shuningdek, milliy qonunchiligimizda rus tilidagi “zakonodatelstvo”, va “akt zakonodatelstva” tushunchalari o`zbek tilida “qonun hujjatlari” deb, rus tilidagi “zakon” va “zakonodatelny akt” tushunchalari o`zbek tilida bir xil “qonun” deb ishlatilgan.
Milliy normativ-huquqiy bazada davlat tilidagi “qonunchilik” tushunchasi qonunlarda ishlatilmagan.
Shu bois, “Normativ huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunga tegishli o`zgartirishlar kiritish bilan bir vaqtda Konstitusiyada ham ushbu so`zlarni to`g`ri qo`llash maqsadida “zakonodatelstvo - qonunchilik”, “akt zakonodatelstva – qonunchilik hujjati”, “zakonodatelny akt – qonun hujjati” ko`rinishida berish taklif etilmoqda.
Shu munosabat bilan, davlat tilidagi Konstitusiyaning 7-moddasi ikkinchi qismiga, 33-moddaga, 85-modda to`rtinchi qismi 8-bandiga, 86-modda beshinchi qismi 8-bandiga, 93-modda birinchi qismi 16-bandiga, 98-modda uchinchi qismiga, 100-modda sakkizinchi xatboshisiga, 117-modda sakkizinchi qismiga o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Nima bo`lganda ham bu o`zgarishlar faqat va faqat fuqarolarning foydasi yo`liga xizmat qilishiga qattiq umid qilamiz", deb yozib qoldirgan Kusherbaev.






