Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Unda deputatlar «O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qizg`in muhokamalarga sabab bo`ldi.
Masalan, qonun loyihasi bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikasiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ham javobgarlikni belgilash ko`zda tutilmoqda.
Kodeksning amaldagi tahririga ko`ra, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish harakatlari uchun ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`lishi belgilangan.
Yangi qonun loyihasiga ko`ra, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to`rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan to`rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish haqidagi me`yorni kiritish taklif etilmoqda.






