AsosiyJamiyat

Aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi

'Aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi'ning rasmi

Bugun, 14 dekabr kuni hukumat qarori bilan 2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qildi.

Aholi, avvalo, yoshlarning ma`naviy-ma`rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko`maklashish, bolalarga mo`ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo`llab-quvatlash Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi.

 Dastur quyidagi 3 bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich – 2020-2021 yillarda  kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo`yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

ikkinchi bosqich – 2022-2023 yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;

 uchinchi bosqich – 2024-2025 yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning intellektual salohiyati o`sishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.

Qarorga ko`ra, 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi.

 Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan Dasturni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ga ko`ra, nashriyotlar tomonidan yozuvchilarga ajratiladigan gonorar masalasini takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. 

    Boshqa yangiliklar