Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston milliy termasi, "Paxtakor" hamda "Lokomotiv" kabi jamoalarning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan navbatdagi mavsumda "Navbahor"ni boshqaradi.
So`nggi kunlarda internet olamida paydo bo`lgan ushbu xabar futbol ixlosmandlari tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Izohlarda xabarga nisbatan salbiy munosabatlar ko`p uchrayotganini inobatga olib, PFL direktori Diyor Imomxo`jaev bu borada o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.
"Bizdagi eng katta kamchiliklardan biri bu shaxsga qarshi kurashishdir. Biz o`zimizga yo daho yasab olamiz yoki dushman, go`yoki shularsiz yashab bo`lmaydigandek. Aslida esa muammolarga qarshi tizimli kurash olib borishimiz to`g`ri bo`ladi. Ya`ni, shaxslarni chetlashtirish yoki ularga imkon berish bilan ish bitmaydi, biz shunday mexanizm ishlab chiqishimiz kerakki, bunda birgina shaxs ko`ngli tusagan ishini qila olmasin, agar bu ish qolganlar manfaatlariga zid kelayotgan bo`lsa.
Aytaylik, Babayan Paxtakor uchun juda katta ish qilgan. Ya`ni, bir klubni ko`tarish uchun qo`lidan kelganicha mehnat qilgan. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Va albatta shu klub manfaatlari uchun boshqa klublarga halal bergan bo`lishi yoki milliy terma jamoa tepasida barchaga birdek tupurib, ko`ngli tusagan ishni qilgan bo`lishi mumkin. Biroq bularning hammasiga faqatgina u sababchi emas, unga shunday imkoniyat yaratib berganlar ham bunda teng javobgardir. Aytmoqchimanki, bir dona Babayan biror klub manfaati yo`lida qolganlarni istagancha o`ynatishi mumkin. Ammo 10 ta klubda 10 ta Babayan bo`lsa, bu rivojlanishga olib kelishi katta ehtimol. Ya`ni, ularning hammasida bir-birini tiyib turish funksiyasi avtomatik ravishda ishga tushadi. Reglament ham, qonun ham hammaga birdek bo`ladi.
1992 yildan buyon o`tgan chempionatga bir razm solib ko`ring. O`z vaqtida Sarkisyan qanday ishlagani, Babayan nimalar qilgani, bugungi Abramov faoliyati, Bunyodkorning gullagan davrlari va hokazo. Ya`ni, ularning har birida o`z porlash davri bo`lgan va ba`zida ular vakolatlaridan ko`proq narsa istashgan. Mana shunday vaqtda haqiqiy o`rta pozisiyani belgilab beradigan, u yoki buning emas, umumiy futbol manfaatlariga xizmat qiladigan mexanizm kerak bo`ladi.
Bilasizki, ichki chempionatga tamal toshini qo`ygan kishilarimiz chempionlikni birdaniga ikki klubga bergan davrlar bo`lgan. Kimdir Sarkisyanning, kimdir Paxtakorning yuzidan o`ta olmagan va hokazo. Shunday davrlar bo`lganki, Bahraynga yozilgan xat bo`yicha hamma jim bo`lgan va faqat oradan 15 yil o`tib qora botir chiqib, xatni kim yozganini e`lon qilgan. Ya`ni, o`sha vaqtda pisib yurgan o`sha botir, bugun hammadan adolatni talab qilyapti. Bunyodkor kuch vaqtida unga qarshi chiqish qiyin bo`ldi, keyinroq Lokomotiv davri keldi, bugun Paxtakor kuchli va hokazo. Aslida esa biz qo`rqmasdan aytishimiz kerak — Neftchi olib qolinib, Mash`al quvilgani ham, Surxon Superligaga olib chiqilgani ham, Aralni shunchaki Superligaga qaytarish-u, Olimpiya jamoasiga asos solish kabi ishlar ham to`g`ri emas deb. Qanday davrda bo`lishidan qat`iy nazar. Qanday holatda bo`lmasin, faqatgina to`g`ri so`zni ayta oladigan kishilar qolganlarga qaraganda samimiyroq bo`laveradi.
Xulosada aytishni istardimki, Babayan chindan ham Navbahorda ishlamoqchi bo`lsa, bundan faqat negativ izlash u qadar to`g`ri emas, tarozi as qotadi. Misol uchun, uning imkoniyatlarini hammadan ko`p Odil Ahmedovning o`zi yaxshi biladi. Viloyat hokimi ham mahalliy yoshlarga e`tibor qilmoqchi ekanini aytdi. Aytaylik, biz ko`p narsa kutganimiz jamoa na chempionatda qoyil qildi va kubokda muxlislar kutgan manzilgacha bordi. Chetdan kelganlardan na Bolov, na Solovev 3 tadan ko`p gol urdi, to`g`rimi? 8 talab gol urayotgan Turg`unboev, mas`uliyatni olayotgan Ahmedovlar esa aksini ko`rsatadiki, o`sha legioner murabbiy-u futbolchilarga sarf etilgan pullar to`g`ri ishlatilsa, Namangan klubi o`z yigitlari bilan ham kamida hozirgi natijani takrorlay oladi. Agar shunday bo`lsa, investisiyani o`zimizning yigitlarga tikish to`g`riroq emasmi? Ya`ni, futbol maktabi va asosiy jamoa munosabatlarini yo`lga qo`ya oladigan mutaxassis zarur emasmi?
Marhamat, Abramov ishlasin, Mo`minjonov qaytsin, bu erda Qosimov, Berdiev, Arveladze, Babayan, Ashurmatov, Baqoev va hokazo. Ya`ni, ularning raqobatidan chempionat yutadi, ular bir-biriga bo`y bermaydi, bir-birini tiyib turadi. Ularning raqobatlashishi O`zPFLni ham sergak torttiradi, O`FA harakatga keladi va hokazo. Reglament, qonun-qoidalar, normalar hamma uchun teng ishlasa, hammasi yaxshi bo`ladi. Biz daholarsiz yashay olmaydigan odamlar qatoridan chiqib, qonunlar to`liq ishlaydigan jamiyatni orzu qiladigan odamlarga aylanib ulgurishimiz kerak", deb yozib qoldirgan PFL rahbari.






