Yil boshidan “Umid va Renata ajrashibdimi?” qabilidagi savollarning oxiri ko`rinmadi. Renataning so`nggi vaqtlarda Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga qo`yib borayotgan suratlari va tushkun kayfiyatdagi izohlari ham tarqalgan gap-so`zlarning yanada quloch yozishiga sabab bo`ldi. “Qalampir.uz” muxbiri mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida Umid va Renataga qo`ng`iroq qildi.
Renata Iskandarova:
— Bu bizning shaxsiy hayotimiz. Shu bois bu haqida hech qanday intervyu bermaymiz. Qani aytingchi, men va turmush o`rtog`imdan boshqa kim bizning oilamiz haqida aniq ma`lumot aytishi mumkin? Javobim shuki, biz birga baxtli yashayapmiz.
Umid Iskandarov:
— Bunday gaplarni kim tarqatyapti? Ishontirib aytamanki, bu xabar mutlaqo noto`g`ri. Hammasi uydirma va asossiz mish-mish, xolos. Oilamiz tinch va biz birga yashayapmiz.
Bundan biroz avval Umid Iskandarovning turmush o`rtog`i Renata Iskandarovani tavallud ayyomi bilan tabriklab Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga joylashtirgan suratiga ham muxlislar yuqoridagi gap-so`zlar bilan bog`liq izohlar qoldirishgan edi. Kimdir Umid ham, Renata ham ijtimoiy tarmoqlarga anchadan buyon birga tushgan suratlarini qo`ymayotganini aytsa, yana kimdir Renataning qo`lida hatto nikoh uzugi ko`rinmay qolganini ochiq-oydin yozib qoldirgan. Renata esa bu izohlarga javoban “Oilaviy suratimiz uyda turibdi. Nikoh uzugimga kelsak, bu birga yashayotganimiz yoki birga emasligimizdan nishon emas”, – deya javob qaytargan.
Eslatib o`tamiz, Umid Iskandarov va Renata Iskandarova 2008 yilda turmush qurgan.
26.01.2016 10:44





