Joriy yilning 15 dekabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO)ning "Inklyuziv qishloq xo`jaligi siyosatini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash" texnik hamkorlik dasturiga bag`ishlangan seminar bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir qishloq xo`jaligi vazirligi, O`zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari doirasida amalga oshirildi. Uchrashuv davomida FAO vakillari loyihaning mohiyati, maqsad va vazifalari haqida so`z yuritdilar.
FAOning "Inklyuziv qishloq xo`jaligi siyosatini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash" texnik hamkorlik dasturi O`zbekistonda 2020-2022 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi – inklyuziv qishloq xo`jaligi siyosatini amalga oshirish hamda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali qishloq joylarda turmush sharoitini yaxshilashdan iborat. Bu esa barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. Dasturni amalga oshirish davomida inklyuziv qishloq xo`jaligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun milliy imkoniyatlar yanada mustahkamlanadi.
«Qishloq xo`jaligida gender tenglikni ta`minlash qishloq xo`jaligi sohasi va umuman jamiyatga sezilarli foyda keltiradi. Gender tengsizlik ayollarning qishloq xo`jaligidagi muhim hissasini kamaytiradigan gender rollar haqidagi stereotiplarga asoslanadi. Qishloq ayollarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan sarmoya - avvalo, qashshoqlikka barham berish va barcha uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan muhim o`zgarishlarga yo`naltirilgan sarmoya hisoblanadi», - deya ta`kidladi FAOning O`zbekistondagi vakolatxonasi loyiha koordinatori Sherzod Umarov.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjonova "O`zbekistonda qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini barqaror rivojlantirish hamda ularning gender siyosati bilan bog`liqlik masalalari" mavzusida ma`ruza qildi. O`tgan yil davomida O`zbekistonda gender tenglik yo`nalishida qonunchilikni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi alohida ta`kidlandi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik palatasi huzurida gender tenglik masalalari bo`yicha Komissiya hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo`yicha Qo`mita tashkil etilganligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
FAOning Evropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy bo`linmasi gender tenglik va ijtimoiy himoya masalalari bo`yicha katta maslahatchisi Dono Abdurazakova o`z taqdimotida loyihani tahlil qilib, rejalashtirilgan tadbirlar va yakuniy natijalar haqida to`xtalib o`tdi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi FAOning O`zbekistondagi Gender harakatlar rejasi orqali nazorat qilinadi. Gender masalalarini hal etishdagi eng yaxshi amaliyotlarini hisobga olgan holda “O`zbekistonning tog`li va vodiy hududlarida o`rmonlarni barqaror boshqarish” deb nomlangan FAOning yana bir loyihasi doirasida hamkorlikda faoliyat olib borish imkoniyatlari muhokama qilindi.






