Bosh prokuratura tomonidan ham voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish, ularning ijtimoiy himoyasini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda.
Ayni paytda tahlillar ijtimoiy himoyaga muhtoj chin etimlar, ota-onasi chet elga ketgan, ajrashgan hamda notinch oilalar farzandlari ba`zan nazoratsiz va qarovsiz qolayotganligini ko`rsatmoqda. Oqibatda bunday bolalar jinoyat ko`chasiga ham kirmoqda yoki uning qurboni bo`lmoqda. Ayrim hollarda esa balog`atga etmagan yoshlar axloqiy tanazzulga yuz tutib, erta tug`ruqlarning, pirovardida yana baxtsizlarning dunyoga kelishiga sababchi bo`lmoqda.
Ularga vasiy yoki homiy tayinlanishi uchun esa ko`plab hujjatlar talab qilinadi, ortiqcha sansalorlik va ovoragarchiliklarni keltirib chiqaruvchi boshqa omillar ham mavjud.
Ayniqsa, bu boradagi ma`muriy to`siqlarning bartaraf etilmaganligi, tegishli qonun hujjatlari bugungi kun talablariga javob bermasligi jiddiy muammolardandir. Qolaversa, mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar tizimlashtirilmagan, nazoratsiz va qarovsiz bolalar bo`yicha yagona ma`lumotlar bazasi mavjud emas.
Shu bois, sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llash, ilg`or xorijiy tajriba asosida mavjud tartibni qayta ko`rib chiqish dolzarb vazifalardan biridir.
Ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta`minlash hamda bolalarga g`amxo`rlik qilishga mutasaddi bo`lgan tuzilmalarning mas`uliyatini yanada oshirish, ushbu yo`nalishda idoralararo tezkor axborot almashinuvini yo`lga qo`yish zaruriyatga aylangan. Vasiylik va homiylik organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish ham taqozo etilmoqda.
Bosh prokuratura tashabbusi bilan shu kabi yana ko`plab muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “Bola himoyasi” elektron dasturiy ta`minot tizimi ishlab chiqildi.
Bu haqda xabar bergan Bosh prokuraturaning ma`lum qilishicha, ushbu tizim ota-ona qaramog`isiz qolgan har bir bola to`g`risidagi barcha zarur ma`lumotlarni o`z ichiga oladi. U orqali har bir bolaning ahvoli, nima bilan mashg`ulligi, uning huquqi, erkinligi va manfaatini kim qay tarzda ta`minlayotganini bevosita kuzatish mumkin. Tizimning boshqa qator qulayliklari va afzal jihatlari ham mavjud.
Mazkur tizim sinov tariqasida Buxoro viloyatida muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Hozirda uni mamlakat miqyosida joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi tayyorlanmoqda.






