Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`tkazilgan Videoselektor yig`ilishida yana bir dolzarb masala – aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash vazifalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan narx-navoning oshishi keskin tanqid qilindi. Buning oldini olish bo`yicha qator topshiriqlar berildi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi hududlar kesimida tahlil qilindi. O`tgan oylarda narx-navo nisbatan oshgan viloyat va tumanlar ko`rsatib o`tildi.
Mutasaddi idoralarga har bir hududda shtablar tashkil qilib, bozorlarda narx-navo spekulyasiyasi holatlarining qat`iy oldini olish vazifasi qo`yildi. Ichki va tashqi bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini, narx-navosini, mavjud ehtiyoj va talablarni kunlik tahlil qiladigan idoralararo ishchi guruh tuzilishi belgilandi.
Yangi yil bayrami arafasida talab oshishini inobatga olib, rastalarni mahsulotlar bilan to`ldirish, dehqon bozorlari va yirik savdo ob`ektlarida yarmarkalar tashkil etib, ularga tovarlarni arzonlashtirilgan narxlarda etkazib berish muhimligi aytildi.
Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin o`zgarishi prognoz qilinmoqda. Shu bois ichki bozorga asosiy turdagi tovarlarni kafolatli etkazib berish uchun maxsus jamg`arma tashkil qilinib, 50 million dollar ajratilgan.
Ushbu mablag`lar hisobidan birinchi navbatda o`simlik yog`i va boshqa zarur mahsulotlarni sotib olib, kamida 3 oylik zaxira yaratish bo`yicha ko`rsatma berildi. Xuddi shunday ishlar hokimliklar qoshida tashkil etilgan jamg`armalar orqali ham amalga oshirilib, har bir hudud o`z zaxirasini shakllantirishi kerakligi ta`kidlandi.
Bosh vazirga oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish, ichki bozorlarni tahlil qilib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini intervensiya qilish, bu borada tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash vazifasi qo`yildi.






