Qish kelib, kunlar sovishi bilan is gazidan zaharlanish hollari ko`payadi. Kuni kecha Prezidentimiz raisligida qish mavsumiga tayyorgarlik masalasida o`tgan videoselektor yig`ilishida joriy yilning o`tgan davrida bunday is gazidan zaharlanish oqibatida 106 nafar fuqaro vafot etgani va 190 nafari zaharlangan va kuyish tan jarohati olgani aytildi. Shu ma`lumotning o`ziyoq vaziyatga jiddiy yondashish kerakligini ko`rsatadi. Is gazidan zaharlanish borasidagi SSV Matbuot xizmatining savollariga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov javob beradi.
— Is gazining xavfliligi uning hech qanaqa hidga ega emasligida. Holsizlanish sezmaguncha gaz borligi to`g`risida fikr yuritib bo`lmaydi, uning eng kam miqdori ham zaharlanishga olib kelishi mumkin, — deydi D.Alimov. — Shuning uchun ham uni “sezdirmasdan o`ldiruvchi” deb nomlashadi. Is gazi hosil bo`lishining asosiy sababi – yonish maydonida etarli kislorod mavjud emasligida bo`ladi. Chala yonish vaqtida yoqilg`ining to`liq yonishi natijasida umuman zararsiz hisoblangan karbonat angidrid hosil bo`lishi o`rniga is gazi paydo bo`ladi.
— Is gazidan zaharlanish qanday holatlarda yuzaga kelishi mumkin?
— Bu ofatning bir necha sabablari bor. Asosan:
📌yong`in kuzatilayotgan vaqtda;
📌ishlab chiqarishda turli xil organik moddalarni sintezlashda is gazidan foydalanish jarayonida;
📌etarli havo aylanmaydigan sharoitlarda gazga moslashtirilgan moslamalarning havoni tortish mexanizmi ishdan chiqqanda yoki gazning yonishi uchun ventilyasiya kanallariga havo etarlicha kirib turmasa;
📌uy sharoitlarida tabiiy gaz quvurlaridan gazning sizib chiqishlari va pechli isitish sharoitlarida pechlar qopqog`ini o`z vaqtida yopilmaslik holatlarida.
Dunyo statistik ma`lumotlariga ko`ra, is gazidan zaharlanish tufayli o`lim ko`rsatkichlari alkogoldan vafot etishdan so`ng, ikkinchi o`rinni egallaydi. Masalan, AQShda bir yilda o`rtacha 400 nafarga yaqin odam is gazidan ehtiyotsizlik sababli nobud bo`ladi.
— Ushbu gazning odamga ta`sir qilish mexanizmi haqida nima deya olasiz?
— U avvalo, qonga kirib, gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Tabiiyki, shundan so`ng gemoglobin kislorod tashish qobiliyatini yo`qotadi. Odam bu gazdan qancha ko`p nafas olsa, uning qonida shunchalik kam gemoglobin qoladi va organizm ham kam kislorod oladi. Is gazidan zaharlanishdan so`ng gemoglobin hujayralarini tiklash uchun ko`p vaqt talab etiladi.
Is gazidan zaharlanish qisqa muddatlarda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Asosan, o`sha muhitdagi havo tarkibidagi uning konsentrasiyasiga bog`liq. Juda yuqori konsentrasiyalarda zaharlanish tezda yuzaga chiqadi, hushdan ketish, turli xil tutqanoqlar va nafas to`xtashi bilan namoyon bo`ladi.
— Jabrlanganlarga birinchi yordam ko`rsatishda nimalarga e`tibor berish kerak? Umuman bunday favqulodda holatlarda qaysi davolash muassasalariga murojaat qilish kerak?
— Birinchi yordamni juda zudlik bilan ko`rsatish zarur. Bu jarayon quyidagi qadamlarni o`z ichiga oladi:
📌Avvalo, jabrlanuvchini imkon qadar tezroq toza havoga olib chiqish;
📌Ikkinchidan, nafas olishni engillashtirish – nafas yo`llarini tozalash, ya`ni kiyimlarini echish, tilning orqaga ketib qolishini oldini olish uchun jabrlanuvchini yonbosh yotqizish;
📌Uchinchidan, nafasni stimullash. Ko`krak qafasini artish, oyoq va qo`llarni isitish.
❗️Eng asosiysi – albatta tez tibbiy yordam chaqirish zarur.
Hatto bemor ko`rinishidan qoniqarli ahvolda bo`lsa ham uni shifokor ko`rishi shart. Sababi har doim ham kasallik belgilariga asoslanib, haqiqiy zaharlanish darajasini aniqlab bo`lmasligi mumkin. Og`ir daraja zaharlanish holatlarida reanimasion chora-tadbirlar ko`riladi.
Ayni paytda bu turdagi favqulodda holatlarda yuzaga keladigan jabrlangan bemorlarga o`z vaqtida tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida poytaxtimizda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning xududlardagi filiallari va tumanlardagi bo`limlarida tunu kun shifokorlarimiz faoliyat ko`rsatishadi.






