Bugun – 17 dekabr kuni Xitoydan O`zbekistonga zamonaviy va yuqori quvvatga ega bo`lgan yuk va yo`lovchi lokomotivlarining birinchi partiyalari olib kelinishiga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tmoqda. Mazkur jarayon Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Lokomotivlarni sotib olish yo`li bilan lokomotivlar parkini yangilash” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda "O`zbekiston temir yo`llari" AJ yozmoqda.
Hammasi bo`lib mamlakatimizga 30 ta zamonaviy elektrovozlar va ular uchun kerakli bo`lgan ehtiyot qismlarni olib kelish rejalashtirilgan. Yangi olib kelinayotgan lokomotivlar yo`lovchilar va yuklarni tashish uchun mo`ljallangan bo`lib, shu jumladan murakkab tog`li hududlarda og`ir yuklarni tashish quvvatiga ham ega. Elektrovozlar ekologik xavfsizlik jihatidan xalqaro talablarga javob beradi va asinxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan. Lokomotivlarda qo`llaniladigan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash bilan birga yoqilg`i sarfini kamaytirish imkonini beradi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martdagi PQ-2313-sonli “2015-2019 yillar uchun muhandislik-kommunikasiya va yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish dasturi to`g`risida”gi qarori bilan “Lokomotivlar parkiga 24 dona lokomotiv sotib olish yo`li bilan yangilash” loyihasini amalga oshirish ko`zda tutilgan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) qarz mablag`larini jalb qilish bilan O`zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o`rtasidagi hamkorlik dasturi doirasida “Lokomotiv parkini yangilash” loyihasini amalga oshirish ma`qullandi. 2019 yil 30 avgustda OTB bilan loyiha uchun 170 million AQSh dollari miqdorida kredit shartnomasi imzolandi.
2019 yil 17 iyulda bo`lib o`tgan xalqaro tender natijalari bo`yicha CNTIC-CRRC-DRLOCO konsorsiumi bilan ikkita kuzovli 24 ta elektrovozni (16 ta yuk va 8 ta yuk-yo`lovchi) olib kelish bo`yicha 134,6 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi. Elektrovozlarni shartnomaga muvofiq etkazib berish muddati 2021-2022 yillarda amalga oshirish belgilandi. Shu bilan birga, “O`zbekiston temir yo`llari” AJning yuk elektrovozlariga bo`lgan ehtiyojini hisobga olgan holda, 2020 yil yanvar oyida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “O`zbekiston temir yo`llari” AJ bilan birgalikda loyihaga ajratilgan summadan tejalgan 35,37 million AQSh dollar evaziga OTBga qo`shimcha 6 ta elektrovoz va ehtiyot qismlarni olib kelish bo`yicha qo`shimcha bitimni imzolashni ma`qullash to`g`risida murojaat qilishdi. OTB ushbu murojaatni 2020 yil fevral oyida ma`qulladi.
Shu kunlarda loyihada belgilangan elektrovozlarning birinchi partiyasi, ya`ni 3 ta yuk va 1ta yuk-yo`lovchi lokomotivi hamda ularning ehtiyot qismlari olib kelindi. Yaqin kunlarda yangi elektrovozlarning 2-partiyasida yana 5 dona (3 yuk va 2 yuk-yo`lovchi) elektrovozlarini olib kelish kutilmoqda. 2020 yil oxiriga qadar elektrovozlarning 3-partiyasini, ya`ni 3 ta yuk elektrovozlarni olib kelish rejalashtirilgan. 2021 yilda esa, shartnoma belgilangan qolgan 13ta yuk va 5ta yuk-yo`lovchi elektrovozlar olib kelinadi.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda “O`zbekiston temir yo`llari” AJning lokomotiv parkida mavjud bo`lgan lokomotivlarning 50 foizdan ortig`i yangilangan.






